Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Fitogelmintologiya fani maktabini yaratgan alloma

Samarqand ilmiy muhitida kamol topgan O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi Ahror To‘laganovning serqirra ilmiy faoliyati tahsinga sazovor.

Bo‘lajak biolog-olim Ahror To‘laganov 1908 yil 23 sentyabrda Toshkent shahrida tavallud topdi. Dastlab eski maktabda, keyin yangi tipdagi boshlang‘ich maktabda tahsil olgan. So‘ngra O‘zbek maorif institutiga kirgan. 1926 yil institutni tugatib, yetim bolalar uyida tarbiyachi-o‘qituvchi bo‘lib ish boshlagan.

A.To‘laganovning Samarqand shahri bilan bog‘liq hayoti va ilmiy-pedagogik faoliyati 1927 yildan boshlangan. U shu yili O‘zbek pedagogika instituti (hozirgi Samarqand davlat universiteti) tabiiy fanlar fakulteti biologiya bo‘limiga o‘qishga kiradi. 1931 yil o‘qishni muvafaqqiyatli tugatgach, o‘zi o‘qigan fakultetda zoologiya kafedrasi assistenti lavozimida ishlaydi. Universitetda ishlash bilan bir vaqtda Sankt-Peterburg zoologiya institutining aspiranturasida ham tahsil olib, 1936 yilda o‘zbek yosh biolog olimlari orasida birinchi bo‘lib “Pomidor va uning ildiz sistemasi atrofi tuprog‘ining nematodafaunasi” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

Yosh olimning endigina shakllanayotgan yangi sohada olib borgan tadqiqotlari O‘zbekiston iqlimi sharoitida o‘simliklarning tekinxo‘r (parazit) fitonematodalarini o‘rganish bo‘yicha dastlabki tadqiqot ishi edi. Olim fitogelmintologiya sohasidagi tadqiqotlarini davom ettirib, 1947 yilda Sankt-Peterburgdagi Zoologiya institutida “O‘zbekistonning o‘simlikxo‘r va tuproq nematodalari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qiladi.

1948 yilda sobiq ittifoqning Oliy attestatsiya komissiyasi unga biologiya fanlari doktori ilmiy darajasini va Toshkent davlat universiteti umurtqasiz hayvonlar zoologiyasi kafedrasi professori ilmiy unvonini beradi. Olimning 1940-1948 yillarda amalga oshirgan tadqiqotlari hamda qo‘lga kiritgan ilmiy ma’lumotlari asosida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi nashriyotida yuqorida keltirilgan mavzuda chop etilgan monografik asar o‘sha davrda nafaqat O‘zbekistonda, balki ittifoq miqyosida fitogelmintologiya sohasida yaratilgan eng yirik ilmiy tadqiqot ishi bo‘ldi.

1950 yilda A.To‘laganov “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan va texnika arbobi”  unvoniga sazovor bo‘ldi.

1957 yilda professor A.To‘laganovning hayoti, ilmiy-pedagogik va jamoatchilik faoliyati yana Samarqand shahri bilan bog‘landi. U Samarqand davlat universitetiga rektor etib tayinlandi. Tashabbuskor olim rektor sifatida o‘quv jarayonini takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratdi. Universitetda o‘nlab yangi kafedralar, mustaqil geografiya, kimyo, chet tillari kabi fakultetlar tashkil etdi. O‘quv va ilmiy tadqiqotlar bazalari mustahkamlandi.

Professor A.To‘laganov universitet rahbari bo‘lishi bilan bir qatorda biologiya fakultetida umurtqasizlar zoologiyasi kafedrasini ham boshqarib, undagi ilmiy-tadqiqot ishlariga bosh-qosh bo‘ldi. 1959 yilda fakultet qoshida fitogelmintologiya muammoviy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochdi. Uning bevosita ishtiroki va rahbarligida laboratoriyaga iqtidorli yoshlar aspiranturaga qabul qilindi.

1963 yilda Ahror To‘laganovich ToshDUga ishga o‘tdi. Domlaning rahbarligi va bevosita ishtirokida 1936 yildan boshlab 1980 yilgacha O‘zbekistonning barcha viloyatlaridagi agrotsenozlari va tabiiy biotsenozlari nematodafaunasi va parazit turlarini o‘rganish uchun 40 dan ortiq ilmiy ekspeditsiyalar o‘tkazilib, ushbu hududlarda yetishtiriladigan g‘o‘za, kartoshka, sabzavot, poliz, sitrus, beda, kanop, begona va yovvoyi o‘simliklarning nematodafaunasini o‘rganish hamda ular tarkibidagi parazit fitonematodalarini aniqlash ishlari amalga oshirildi. Ushbu tadqiqot ishlari tufayli respublikaning turli sharoitlarida yashovchi nematodalar 700 turdan ortiq ekanligi aniqlandi.

Fitogelmintologiya sohasida yirik hajmdagi ishlarni amalga oshirib, respublikada qishloq xo‘jaligi rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun A.To‘laganov 1966 yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi, keyinchalik (1982 yil) haqiqiy a’zosi etib saylandi. Uning rahbarligida Mirzacho‘lni kompleks o‘rganish bo‘yicha uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiya tadqiqotlari asosida yaratilgan ”O‘zbekiston o‘simliklari nematodalari” monografiyasi 1974 yilda Abu Rayhon Beruniy nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi.

A.To‘laganovning boy ilmiy merosi orasida “O‘zbekistonning o‘simlikxo‘r va tuproq nematodalari”, “O‘zbekiston qishloq xo‘jalik o‘simliklarining nematodalari”, “O‘zbekistonda fitogelmintologiya masalalari”, “O‘zbekistonning fitonematodalari” kabi yirik asarlari bor. Ular shu sohada yaratilgan yirik fundamental ilmiy-tadqiqot ishlaridir. Domlaning ko‘p qirrali hayot faoliyati, mashhur olim va pedagog sifatidagi xizmatlari O‘zbekiston Respublikasining ravnaqi va rivojiga xizmat qilayotgani biz, shogirdlarini quvontiradi.

N.Hakimov,
Samarqand davlat universiteti zoologiya kafedrasi dotsenti.