Fitr sadaqasi kimlarga va qay tartibda beriladi?

– Bu yil fitr sadaqasi qancha etib belgilangan, uni kimlarga, qachon va qay tartibda bersak bo‘ladi?

A.Saidmurodov,

Paxtachi tumani.

- Fitr sadaqasi moli zakot nisobiga yetgan musulmon kishi tomonidan miskinlarga berilishi vojib bo‘lgan sadaqadir. Bu sadaqa Payg‘ambarimizning hadisida bayon etilgan quyidagi to‘rt narsaning qiymati barobarida chiqariladi: 2 kilogramm bug‘doy, 4 kilogramm arpa, 2 kilogramm mayiz va 4 kilogramm xurmo. Bizda ko‘proq bug‘doy qiymatida beriladi va bugungi kunda bozorlarda 1 kilogramm bug‘doyning narxi 4 ming so‘m. Demak, fitr sadaqasi 8 ming so‘mni tashkil etadi.

Fitr sadaqasini berish Ramazon oyi ro‘zasini tutishga bog‘liq emas. Agar biror kishi uzrli sabab bilan ro‘za tutolmasa ham fitr sadaqasini berishi vojib. Ota o‘z farzandlari uchun, hatto ona qornidagi farzandiga ham berishi kerak. Bu sadaqa faqirlarga, muhtojlarga, qarzdorga, musofirga beriladi.

Fitr sadaqasini ehtiyojmand boshqa din vakillariga ham berish mumkin. Ota o‘z farzandi zurriyotlariga bera olmaydi, farzand ham o‘z ota-onasiga, ajdodlariga bermaydi.

Fitr sadaqasini Ramazon hayitining tongiga qadar ado qilish vojib bo‘ladi, lekin qancha erta berilsa manfaati ko‘proq.

Savolga Narpay tuman bosh imom xatibi Dilmurod Bektamishev javob berdi.