“Fotiha” surasini o‘qib suv ichishning foydasi

Suv ichishdan oldin "Fotiha" surasi to‘liq o‘qiladi. So‘ngra o‘tirgan holatda suv ichiladi. "Fotiha" surasini o‘qib keyin suv ichilganda tiqilib qolgan qon tomirlari ochilib ketadi, qon aylanish tizimi iziga tushadi, yurak faoliyati yaxshilanadi. Insonda ichki quvvat paydo bo‘ladi, ichki a’zolar (oshqozon, jigar, ichaklar) ravon ishlaydi.
Aslida, Qur’on boricha shifo, rabboniy dorixonadir. Bir stakan suvni "Fotiha" surasini o‘qib ichishga odatlangan kishi buni his qiladi. "Fotiha" surasi ruhingizga ruh, kuchingizga kuch baxsh etadi.
"Fotiha" surasi hayotingizdagi barcha muammolarni hal qiladi, hattoki er-xotin, farzandlar o‘rtasidagi, ishdagi, o‘qishdagi muammolar ham bundan mustasno emas.
"Fotiha" surasi qalbdagi gina-kudurat, adovatga ham barham beradi. Hasad, kibr, ujb va g‘urur kabi qalb xastaliklarini davolaydi, turli mikroblar va zararli viruslarni o‘ldiradi.
Uyquga yotganingizda ham takror va takror o‘qing.
"Fotiha" surasini o‘qishlik ishlaringizni tartibli bo‘lishini ta’minlaydi.
Alloh "Fotiha" surasini tavsiflar ekan, “Biz Sizga yetti takrorlanuvchi (yetti oyatli «Fotiha» surasi)ni va ulug‘ Qur’onni ato etdik”, degan (Hijr surasi, 87-oyat).
Ulamolar: Qur’oni karimning ma’nolari "Fotiha" surasiga singdirilgan, suraning ma’nolari “Sengagina ibodat qilamiz va Sendangina yordam so‘raymiz” degan oyatga singdirilgan, deydilar.
"Fotiha" surasi bir kunda sunnat va nafl namozlardan tashqari faqat farz namozlarining o‘zida o‘n yetti marta takror o‘qiladi. Takror-takror o‘qilishida ham sir bor. Agar biror namozning birorta rak’atida o‘qilmay qolsa, namoz mukammal bo‘lmay qoladi.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam "Fotiha" surasini “Shofiya” (Shifo beruvchi), “Kofiya” (Kifoya qiluvchi), Qur’ondagi eng buyuk sura deb nomlaganlar. Sahobalar bemorning og‘riyotgan yeriga qo‘llarini qo‘yib "Fotiha" surasini yetti marta o‘qiganlarida Allohning izni bilan kasal tuzalar edi.
Qachon Qur’on o‘qisangiz uni "Fotiha" surasi bilan boshlang. U zulmatlarni nurga aylantiradi, ko‘ngil siqilishidan xalos etadi, g‘am-tashvishlarni aritadi.
Shunday ekan, bir stakan suvni "Fotiha" surasini o‘qib iching, Allohning izni bilan farqini bilasiz.