Fotiha to‘ydagi ichkilik 29 yoshli yigitning o‘limiga sabab bo‘ldi
2020 yil 20 iyun kuni 28 yoshli S.E. sinfdoshining fotiha to‘yini o‘rtoqlari bilan birgalikda Jizzax shahridagi choyxonalarning birida nishonlab, u yerda spirtli ichimlik iste’mol qilishadi.
Soat 23:00 da mast holatda choyxonadan chiqib, uylariga tarqalishayotgan vaqtida S.E. sinfdoshi, 29 yoshli O.B. bilan o‘zaro tortishib qolib, uning bosh qismiga qo‘li bilan urib, tan jarohati yetkazadi. 2020 yil 21 iyun kuni soat 01:00 da uni yashash xonadoniga tashlab ketganligi oqibatida O.B. olgan tan jarohatlari bilan yashash xonadonida vafot etgan.
Sud-tibbiy ekspertiza xulosasida “marhum O.B.ning o‘limiga bosh miyaning shishib ketishi, bosh miya yumshoq pardasi ostiga qon quyilishi va yopiq miya jarohatlari sabab bo‘lgan”ligi aniqlangan, deb xabar berdi IIV huzuridagi Tergov departamenti.
Holat yuzasidan Jizzax shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. S.E. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.