Fotomodel bo‘lishni orzu qilgan qizni chuv tushirgan firibgar qo‘lga tushdi
2020 yilning 27 avgust kuni Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani M.Gandi ko‘chasi 10/27-uyda yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan N.F., Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz shahar Sohibkor ko‘chasi 17-uyda yashovchi, 1989 yilda tug‘ilgan T.S.ning ishonchiga kirib, o‘zini taniqli jurnal fotosuratchisi sifatida tanishtiradi.
Uni qadimiy obidalar oldida suratga tushirish maqsadida Buxoro shahriga olib kelib, fotosuratlarini jurnalning bosh sahifasiga chiqarib uni fotomodel sifatida mashhur qilishini aytib, jurnalning har bir sahifasi uchun qizga 850.000 so‘mdan to‘lov to‘lashga kelishib, jabrlanuvchi T.S.dan mehmonxona xarajatlari uchun 650.000 so‘m naqd pullarini aldov yo‘li bilan olib, firibgarlik jinoyatini sodir qilgan.
Ushbu holat yuzasidan Buxoro shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, 2-sonli Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov guruhi tomonidan muqaddam xuddi shu kabi jinoyatni sodir etganligi uchun sudlanib, javobgarlikka tortilgan F.N. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati xabar berishicha, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.