Samarqandlik o‘quvchilar maktab ta’limini Fransiyada davom ettiradi
Shahardagi 43-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabida fransuz tili chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi. 2018 yilda maktabga fransuz tarixchi olimi Lyusen Keren nomi berilgan.
Bugun mazkur muassasada 1452 nafar o‘quvchi rus va o‘zbek guruhlarida tahsil oladi. Bolalarga 1-sinfdan fransuz tili o‘rgatiladi.
- Maktabda 12 ta sinf fransuz tiliga ixtisoslashgan, - deydi maktab direktori Gulnoza Cho‘tboyeva. – Bu sinflarda fransuz tili haftada 5 marta, oddiy sinflarda esa haftada 3 marta o‘qitiladi. Maktabda 13 nafar fransuz tili o‘qituvchisi bo‘lsa, shundan 8 nafari chet tilini bilish bo‘yicha S1, V2 va milliy sertifikatga ega. O‘qituvlardan N.Chasovskix va A.Kurtova Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi «STEM fanlarini fransuz tilida o‘qitish» grantini qo‘lga kiritdi va yaqinda Fransiya davlatida malaka oshirib keldi. Shuningdek, yangi o‘quv yilida maktabga Fransiyadan uch nafar o‘qituvchi jalb qildik. Ular ayni paytda o‘quvchilarga fransuz tilidan dars beryapti hamda o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatmoqda.
Ixtisoslashtirilgan maktab zamon talabiga mos ta’mirlanib, jihozlangan. Har bir xonada elektron doska, stol-stul, parta mavjud.
- Men 2020 yilda Fransiyada malaka oshirib kelganman, - deydi fransuz tili o‘qituvchisi Mahbuba Zayniyeva. – Fransuz tili bo‘yicha xalqaro va milliy sertifikatlarim bor. 7-11-sinflarga Fransiya tomonidan darsliklar berilgan. Biz o‘zimizning milliy darsliklarimiz hamda Fransiyadan keltirilgan darsliklar asosida o‘quvchilarga saboq beramiz. Bugun 11-sinf o‘quvchilarining 7 nafarida chet tilini bilish bo‘yicha sertifikat bor.
O‘tgan o‘quv yilida ushbu maktabni 67 nafar o‘quvchi bitirib, ulardan 39 nafari oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan. Shuningdek, fan olimpiadalarida ham o‘quvchilar viloyat bosqichida faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda. Yaqinda bo‘ladigan fan olimpiadasining viloyat bosqichida 11-sinf o‘quvchisi Shahboz G‘aybullayev, 9-sinf o‘quvchisi Natalya Yashkinalar qatnashadi.
Bundan tashqari, Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan «Fransuz tilida STEM fanlarini (texnologiya, muhandislik va matematika) o‘qitish» loyihasi doirasida maktab direktorlaridan iborat delegatsiya 15-21 oktyabr kunlari Nitsa shahrida bo‘lib qaytdi.
- Fransiyada litsey, kollejlardagi ta’lim tizimi bilan tanishdik, - deydi maktab direktori. – Bizda ta’lim 7 yoshdan boshlansa, Fransiyada 3 yoshdan, ya’ni bog‘chadan boshlanar ekan. Bolalarning bog‘chaga borishi majburiy hisoblanarkan. O‘quvchilar maktabni bitirib, ixtisoslik bo‘yicha litseyda o‘qiydi. Oliy ta’lim muassasalari o‘z talabalarini imtihonsiz litseydan tanlab olarkan. Fransiya maktablarida qozog‘istonlik o‘quvchilar ta’lim olishmoqda. Biz ham o‘z o‘quvchilarimizni Fransiyada o‘qitish taklifini berdik. Rejalarimiz amalga oshsa, yaqin kelajakda o‘quvchilarimiz Fransiyada ta’lim olishi mumkin.
Xurshida ERNAZAROVA.