Fuqaro muhofazasi: soha yanada takomillashmoqda
Unda mamlakatimizda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish tizimi faoliyatini takomillashtirishning eng muhim yo‘nalishlari va O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining vazifalari belgilab berildi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i O‘lmas MEYLIYeV bilan suhbatimiz ushbu farmonning viloyatimizdagi ijrosi va boshqarma faoliyati xususida bo‘ldi.
– Prezidentimiz farmoni asosida vazirlik va viloyat hokimligining tegishli hujjatlari ishlab chiqildi hamda chora-tadbirlar belgilandi, – deydi O‘.Meyliyev. – Ularning ijrosini ta’minlash maqsadida boshqarmamiz tomonidan tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, vazirlik tarkibiga o‘tkazilgan idora va tashkilotlarni qabul qilib olish maqsadida ularning hududiy bo‘limlariga qarashli bo‘lgan tovar-moddiy boyliklari hamda vositalari to‘liq inventarizatsiya qilindi, ma’lumotlar vazirlikka taqdim etildi. Viloyat gidrometeorologiya boshqarmasi, seysmologiya instituti kompleks ekspeditsiyasi Samarqand tajriba metodik uchastkasi va "Davsuvxo‘jaliknazorat" inspeksiyasi viloyat bo‘limi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari, mavjud beshta shahar va tumanlardagi bo‘limlarga qo‘shimcha ravishda Qo‘shrabot, Past Darg‘om va Oqdaryo tumanlarida ham favqulodda vaziyatlar bo‘limlari tashkil etildi.
– Farmonda fuqaro muhofazasi sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha ham vazifalar belgilangan. Bu borada qanday ishlar amalga oshirildi?
– Farmonda belgilangan vazifalarga muvofiq 2017 yil 2 iyunda Prezidentimizning "Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qarori imzolandi. Unda soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar belgilab berildi. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Favqulodda vaziyatlar va Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirliklari qo‘shma buyrug‘i qabul qilindi. Unga asosan viloyatimizda Samarqand axborot texnologiyalari kollejida qutqaruvchi mutaxassisligi bo‘yicha 28 nafar o‘quvchidan iborat guruh shakllantirildi. Boshqarma va kollej o‘rtasida shartnoma imzolandi. O‘quv xonalari sohaga oid materiallar va ko‘rgazmali vositalar bilan jihozlandi. O‘quv mashg‘ulotlari tegishli mutaxassislar tomonidan olib borilmoqda.
– Suhbatimizni qish mavsumida tabiiy va texnogen tusdagi favqulodda vaziyatlarning oldini olish borasida boshqarma tomonidan olib borilayotgan chora-tadbirlar xususida davom ettirsak.
– Sovuq kunlarda aholining is gazidan zaharlanishi va shu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida boshqarmamiz tomonidan qator chora-tadbirlar olib borilmoqda. Bu borada mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan, 2 mingdan ziyod xonadonda, 400 ga yaqin turli ob’yektlarda o‘rganish va tezkor reydlar o‘tkazildi. Natijada 3 ta ob’yekt faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. 192 dona yaroqsiz gaz va isitish moslamalari aniqlandi.
Bundan tashqari, Urgut tumani hududidan o‘tuvchi "Olmaota-Bishkek-Toshkent-Termiz" avtomobil yo‘lining Taxtaqoracha dovonida transport vositalarining uzluksiz va xavf-xatarsiz harakatlanishini ta’minlash maqsadida tunu kun navbatchilik olib borilmoqda. Bunga tegishli yo‘l bo‘limining 16 nafar ishchi-xodimlari jalb etilgan. Ularning xizmat faoliyati uchun barcha sharoitlar yaratilgan.
– O‘tgan yilda viloyatimizda sodir bo‘lgan favqulodda vaziyatlar haqida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
– 2017 yilda 17 ta texnogen, 4 ta tabiiy xususiyatli, jami 21 ta favqulodda vaziyat qayd etildi. Ularning aksariyati is gazi va ovqatdan zaharlanish, maishiy gaz ballonining chaqnashi va suvdagi noxush hodisalar bilan bog‘liq. Buning oqibatida 47 kishi jabrlandi, 46 kishi vafot etdi.
G‘olib ABDUSALOMOV
suhbatlashdi.