Futbol, JCh-2026 saralashi: Bugun O‘zbekiston terma jamoasi Eronda mehmon bo‘ladi

G‘alaba O‘zbekistonning jahon chempionatiga chiqish imkoniyatini keskin oshiradi.
Eronga esa durang natija kifoya qiladi. Bosh murabbiy Amir Galenoyi BAA ustidan qozonilgan 2:0 hisobidagi g‘alabaga izoh berib, jamoasi o‘yinidan faxrlanishini ta’kidladi va o‘z futbolchilarini jahon chempionatiga chiqish vazifasini muddatidan oldin bajarishga chaqirdi.
Eron o‘yinda mag‘lub bo‘lgan taqdirida ham jahon chempionatiga chiqishi mumkin, faqat buning uchun BAA va Qatar o‘z o‘yinlarida ochko yo‘qotishi kerak bo‘ladi.
O‘z navbatida, bu uchrashuv O‘zbekiston terma jamoasi uchun ham jahon chempionatiga chiqish yo‘lidagi eng katta qadam bo‘lishi mumkin. Agar jamoa o‘yinda g‘alaba qozonsa va BAA hamda Qatar o‘z uchrashuvlarida yuta olmasa, O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. BAA va Qatar mag‘lub bo‘lgan taqdirda esa durang ham jamoaga yo‘llanmani taqdim etadi.
O‘zbekiston va Eron terma jamoalari saralashning uchinchi bosqichidagi “A” guruhida yettita o‘yinida eng kam gol o‘tkazib yuborgan jamoalar bo‘lib turibdi — 5 tadan. Ammo urilgan gollar soni bo‘yicha milliy terma jamoa (9 ta gol) Eron (14), BAA (12) va Qatardan (15) ortda.
Jamoalar avvalroq — saralashning ikkinchi bosqichida ham o‘zaro to‘qnash kelgandi. O‘shanda Toshkentda O‘zbekiston ikki to‘p farqi bilan ortda qolayotib, keyinchalik (2:2) durang qayd etgan bo‘lsa, safardagi bahsda ham g‘olib aniqlanmagandi (0:0).
Saralashning uchinchi bosqichi doirasida Toshkentda bo‘lib o‘tgan o‘yinda O‘zbekiston uchrashuvning uchdan bir qismida son jihatidan ustunlikka ega bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, jamoalar 0:0 hisobida durang o‘ynagandi.
Sariq kartochkalar tufayli yarim himoyachisi Jaloliddin Masharipov O‘zbekiston terma jamoasiga bu o‘yinda yordam berolmaydi. Qirg‘izistonga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan futbolchi Oston O‘runov safga qaytishi mumkin.
Uchrashuvni O‘zbekiston ko‘k rangli, Eron esa oq libosda o‘tkazadi.
“A” guruhining boshqa o‘yinlarida BAA Saudiya Arabistonidagi neytral maydonda Shimoliy Koreya bilan, Qatar esa Qirg‘iziston bilan mehmonda o‘ynaydi.
Uchrashuv Tehron shahridagi “Ozodi” stadionida 25 mart kuni soat 21:00 da boshlanadi. Yigitlarimizga omad tilaymiz.