Futbol. "JCh-2026"ga qur’a qachon va qayerda tashlanishi ma’lum bo‘ldi

Futbol bo‘yicha 2026 yilgi jahon chempionatiga qur’a tashlash marosimi joriy yilning 5 dekabr kuni Vashington shahridagi Kennedi markazida o‘tkaziladi. Bu haqda FIFA’ning rasmiy saytida xabar berildi.
“Jahon chempionati tarixidagi eng uzoq kutilgan qur’a marosimini AQShning madaniy yuragi - Kennedi markazida o‘tkazishdan mamnunmiz. Bu – turnir yo‘lidagi muhim bosqich bo‘lib, 2026 yilgi eng yirik sport tadbiriga tayyorgarlik jarayonida asosiy voqealardan biri hisoblanadi. Biz jamoa delegatsiyalari, hamkorlarimiz, OAV va eng muhimi, 16 mezbon shahar muxlislarini AQSh poytaxtida kutamiz”, deydi FIFA prezidenti Janni Infantino.
Ma’lumot uchun: Bugungi kunga kelib, mezbonlardan tashqari yana 10 terma jamoa mundial yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan: O‘zbekiston, Argentina, Avstraliya, Braziliya, Ekvador, Eron, Yaponiya, Iordaniya, Koreya Respublikasi va Yangi Zelandiya. 48 jamoa ishtirok etadigan ushbu musobaqada, qur’a kuniga qadar Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 42 jamoa aniqlangan bo‘ladi. Qolgan 6 yo‘llanma 2026 yil mart oyida o‘tkaziladigan pley-off bahslari orqali belgilanadi.