Futbolga ixtisoslashgan yangi telekanal ochiladi

O‘zbekistonda 2024 yilning 1 iyuniga qadar futbolga ixtisoslashgan yangi telekanal ochiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida belgilandi.

Unga ko‘ra, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tizimida quyidagilar tashkil etiladi:

— Milliy futbol markazi;

— Futbol bo‘yicha respublika oliy sport mahorati maktabi negizida Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi;

— sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazi.

Shuningdek, Futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash markazi Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi etib, Respublika bolalar va o‘smirlar futbol akademiyasi Respublika futbol akademiyasi etib qayta nomlanadi.

2024 yil sentyabrda O‘zbekistonda futzal bo‘yicha Jahon chempionati o‘tkazilishi munosabati bilan hududlarda futzal jamoalari tashkil etiladi, shu jumladan, professional futbol klublari huzuridagi futzal bo‘yicha asosiy, yoshlar va ayollar jamoalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

2024 yil 1 yanvardan professional futboldagi faoliyatini yakunlagan futbolchi va mutaxassislarga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining ijobiy xulosasi asosida ularning xususiy sektorda amalga oshiradigan futbolni rivojlantirish loyihalari uchun milliy valyutada 1,5 milliard so‘mgacha 5 yildan kam bo‘lmagan muddatga imtiyozli kredit ajratiladi.

Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazida «futbol treneri», «futbol hakami», «futbol tahlilchisi», «futbol seleksioneri» (skaut), «sport psixologi», «futbol menejeri», «futbol marketologi» kabi mutaxassisliklarga o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

2024/2025-o‘quv yilidan Toshkent tibbiyot akademiyasining Chirchiq filialida «sport shifokori», «sport diyetologi», «sport farmakologi» bilan birga «sport psixologi» mutaxassisligi bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

2024 yil 1 martgacha respublikadagi barcha stadion va futbol maydonlarining yagona elektron reyestri ishlab chiqiladi.