G20 global soliq joriy etishni nazarda tutuvchi loyihani qo‘llab-quvvatladi
G20 mamlakatlari hukumat rahbarlari va yetakchilari soliqqa tortishning umumiy qoidalarini kelishib oldi. Rimda bo‘lib o‘tgan sammit ishtirokchilari korporatsiyalar daromadidan minimal 15 foiz global soliq joriy etishni nazarda tutuvchi loyihani qo‘llab-quvvatladi. Vashington bu soliq imtiyozlari poygasiga chek qo‘yilishiga umid qilmoqda.
Pandemiyaga qarshi kurash forumning yana bir asosiy mavzusi bo‘ldi. Sammit dunyoning kam ta’minlangan mamlakatlari uchun ko‘proq vaksinalar yetkazish chaqiriqlari bilan ochildi.
«Biz 2021 yil oxirigacha dunyo aholisining 40 foizini emlash bo‘yicha JSST maqsadiga erishishga yaqinmiz. Emlash ishlarini 2022 yilning o‘rtalariga qadar 70 foizga yetkazish uchun qo‘limizdan kelganini qilishimiz kerak», dedi Italiya Bosh vaziri Mario Dragi.
Xitoy Xalq Respublikasi va Rossiya yetakchilari Si Szinpin va Vladimir Putin videoaloqa orqali dunyo hamjamiyatini COVID-19 ga qarshi turli vaksinalarni o‘zaro tan olish bo‘yicha kelishib olishga chaqirdi. Putinning bayonotida “Sputnik V” preparatini JSST va Yevropa dori vositalari agentligida ro‘yxatdan o‘tkazish masalasi uzoq ko‘rib chiqilayotgani fonida yangradi.
Axborot agentliklarining ta’kidlashicha, iqlim bo‘yicha muzokaralar ancha murakkab bo‘ldi. Yakuniy hujjat Yerdagi o‘rtacha yillik haroratning 1,5 darajadan oshishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha umumiy tavsiyalarni o‘z ichiga oladi. Muayyan majburiyatlar va uglerod neytralligi bo‘yicha muddatlarni kelishishda muammolar yuzaga keldi.