G‘alabani gospitalda qarshi olgan qahramon

Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Mixail Kolmogorov ham urush yillarini ichki bir o‘kinch, armon bilan eslaydi.

– Hech yodimdan  chiqmaydi, - deydi otaxon. - 1945 yil 1 mart kuni 2-Belorussiya frontida yaralandim. Mashinada besh kishi edik. Dushman samolyoti biz tomonga bomba tashladi. Yelkamdan  yaralandim. Darhol harbiy gospitalga olib kelishdi. Keyin Penza viloyatiga. Bomba qoldiqlarini shifokorlar qancha urinishmasin  topa olishmadi. Hamon u menga urushning dahshatlarini yodga solib turadi. 9 may erta tongda hamshiralarning, yaralangan askarlarning hayqirig‘idan uyg‘ondim. Hayrat bilan ularga boqdim. Barcha xursand edi. Shunda bildimki, biz g‘alaba qilgandik.

Asli novosibirlik Mixail Kolmogorov 1943 yil 13 fevralda harbiy xizmatga chaqirildi. Olti oy radiooperatorlikka o‘qidi. Keyin Moskvaning Kubinka rayoniga, keyin 2-Ukraina frontiga olib kelindi. U yerda M.Kolmogorov radiooperator boshlig‘i bo‘lib, ikki nafar yordamchisi bilan front ortida nemislar harakatini, ular joylashgan joyni aniqlash ishlarini olib bordi.

1944 yil aprelda 2-Belorus frontida xizmat qilib, 1945 yil 1 martda yaralandi. Urush tugagach, 1947 yilning kuzida Kemerova shahrida o‘qishni davom ettirdi. 1949 yilda Turkiston harbiy okrugiga yuboriladi va Mixail Kolmogorovning faoliyati Samarqand bilan bog‘lanadi.

- Urushdan keyingi yillarda Buxoro va Samarqand shaharlarida ishladim, - deydi M.Kolmogorov. – Nafaqaga chiqib ham uyda o‘tirganim yo‘q. Maktabda dars berdim. Keyinchalik Samarqand davlat universiteti harbiy kafedrasida ishladim. Turmush o‘rtog‘im bilan ikki nafar qizni voyaga yetkazdik. Bugun nevaralarim, chevaralarim, evaralarim dunyoning turli burchaklarida yashasa-da, har yil kelib ko‘rib ketishadi. Shuningdek, bayramlarda o‘quvchilar, ichki ishlar xodimlari holimdan xabar olib turadi. Bu yil Prezidentimiz tomonidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga 10 million so‘mdan bir martalik pul mukofoti berilishini eshitib xursand bo‘ldim.

Yurt uchun jonini berishga tayyor bo‘lgan urush qahramoni bugun 95 yoshda. Uning ko‘ksini umri davomida ko‘rsatgan jasoratlari, qahramonliklari uchun olgan orden va medallar bezab turibdi. Ularning har birini olgan sanasi, voqeasi hamon uning yodida.

Nasiba JONTO‘RAYeVA,

Zamira BOLTAYeVA olgan suratlar.