"Gap"chilar yemagan taom

Mohiraga eri qo‘ng‘iroq qilib, maosh olganini aytdi. Bu yoqimli xabardan keyin ayol yanada chaqqonlik va zavq bilan uy ishlarini bajarishga kirishib ketdi. Axir turmush o‘rtog‘i hozir kelib qoladi, keyin birga ro‘zg‘or qiladilar.

Er-xotin bozor aylanib, ro‘zg‘orning kam-ko‘stini qilib chiqqanlarida kun shomga yaqinlashib qolgan edi. Xo‘jayini Mohiraga qarab: "Yur, senga bir kabob olib beray", dedi. Mohira garchi judayam xohlasa-da, eriga qarab: "Uyda sho‘rva solib qo‘ygan edim", dedi sekingina.

"Sen pishirgan sho‘rvagayam joy topiladi ", dedi Nozimjon.

Kechki ovqat mahali bo‘lganidanmi, tamaaddixona tirband edi. Ofitsiant qiz ko‘zi bilan joy qidirib, ularga burchakdagi bo‘sh joyni hozirladi. Ular o‘tirgan joyda 5-6 nafar ayol baland ovozda gurung qilishardi, aftidan "gap"chilar edi.

Mohira va Nozimjon ohista, suhbatlashmay ovqatlanishardi. Shu boismi ayollarning suhbatlari ham istar-istamas quloqqa chalinardi. Ayollarga xizmat qilayotgan ofitsiant yigit yosh, rangpargina edi. Negadir ushbu mijozlar bu bolaga biroz jerkib muomala qilishganday tuyuldi Mohiraga.

Mohira institutda dars berar, talabalarining aksariyati darsdan so‘ng turli to‘yxona va yemakxonalarda shu yigit kabi ishlashlaridan xabardor edi.

Bir kuni talabalaridan biri shaharning eng nomdor to‘yxonasida ishlayotib bitta patnisdagi idishni sindirib qo‘yib, bo‘yniga juda katta summa ilishganida sheriklarining barchasi o‘sha kuni ishlagan bir kunlik pulidan voz kechib, unga yordam berganlarini aytib berganini xotirlab o‘tirarkan, yana yonidagi ayollarning bir-biriga gal bermay taom buyurtma berayotganlari xayolini buzdi. Ayollardan biri: "Bizga sabzavotlar bilan dimlangan go‘shtdan olib keling", desa, boshqasi: "Yo‘q, kabob olib keling", deydi. Xullas, birinchi ayol go‘sht deb turib oldi. Ofitsiant yigit "Go‘sht saymi?", deb, qayta-qayta so‘radi va ikkitaga buyurtma olib chaqqonlik bilan stolni ustidagi ortiqcha narsalarni yig‘ishtirib ketdi.

Nozimjon jilmayib:" To‘y to‘yday bo‘lsin", deb muzqaymoq buyurtma qildi. Issiq kunda muzqaymoq o‘zgacha huzur bag‘ishlardi. Mohira o‘zi anchadan buyon bunday bemalol o‘tirganlarini eslolmaydi. Hozir homiladorlik ta’tilida bo‘lgani boismi, faqat bozor-o‘charga chiqmasa, ortiqcha hech qayerga ham bormabdi. Mana kichkintoyi ham hademay bog‘chaga boradi, u ham yangi o‘quv yilidan ishtiyoq bilan ishga chiqadi, nasib etsa.

Birdan qo‘shni stoldan ayollarning ovozi baland eshitildi, sochini kalta kesgan yoshi kattarog‘i ovqat ustidagi ajabtovur qopqoqni ochib: "Nima bu?! Biz senga qovurilgan go‘sht olib kel, demadikmi?!", deya o‘shqirib ketdi. Qolganlari ham uni qo‘llab chuvillashdi. Ofitsiant bola peshona terini artib zo‘rg‘a:" Go‘sht say shu... ", derdi yalingansimon. Ammo bu ayollarni ko‘ndirib bo‘lmadi.

Mohira yeyotgan muzqaymog‘ini yutolmay qoldi, qarasa eri ham shu ahvol. Birozdan so‘ng yemakxonaning ish boshqaruvchisi kelib yumshoqlik bilan tushuntirishga harchand harakat qilmasin ayollar o‘z so‘zlarida turib oldilar, darhol bu taomni ko‘zdan yo‘qotishini,  o‘rniga kabob olib kelishini talab qildilar. Ish boshqaruvchi esa ofitsiant tomonga qarab qo‘lini bo‘g‘ziga ishora qilib, boshini sarak-sarak qilib

"kallang ketdi" ishorasini qildi. Mohira bir rangi oqarib turgan ofitsiant yigitga, bir eriga javdirab qaradi. Nozimjon ikkalasi bir-birini tushundi. Nozimjon nima qilarini bilmay ayollarga mo‘ltirab turgan yigitga qarab past ovozda: "Ukam, shu ovqatingni bizga idishga solib beraqol, bolalarga olib boraman, mazaliga o‘xshaydi, chekni olib kelib berarsan,"- dedi.

Yigitcha biroz qarab turdi va yuzi yorishib: "Xo‘p bo‘ladi", deb, yugurib ketdi. Eri kassaga pul to‘layotganda yigit Mohiraning qo‘liga taomni tutqazib:

"Rahmat, sizlarga opa...", dedi ovozi titrab.

Mahbuba BAHODIR qizi.