Gaz chaqnashi oqibatida xonadon sohiblari vayronalar ostida qolgan

Bugun, 30 noyabr kuni soat 7:42 da Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumani, Istiqlol ko‘chasi, "Qirariq" MFY da joylashgan 80-uyda gaz-havo aralashmasi chaqnashi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, chaqnash natijasida uyning bir qismi qulab tushgan va xonadon sohiblari vayronalar ostida qolgan.

Turar-joyning zarar yetgan qismidan 1984 yilda tug‘ilgan I.S., 1987 yilda tug‘ilgan I.N., 2006 yilda tug‘ilgan I.R. va 2009 yilda tug‘ilgan I.S. olib chiqilib, tibbiyot muassasasiga yuborilgan.

Chaqnash oqibatida I.S., I.R. vafot etgan bo‘lib, I.N. va I.S. turli darajada tan jarohatlari olgan.

Birlamchi ma’lumotlarga ko‘ra, chaqnashning asosiy sababi sifatida tabiiy gazdan foydalanish qoidalarining buzilishi taxmin qilinmoqda.

Voqea joyida Toshkent viloyati hokimligi, viloyat IIB, FVB, SSB va tegishli idoralarning kuch va vositalarini jalb qilingan bo‘lib, favqulodda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi gaz va isitish moslamalaridan foydalanish qoidalariga rioya qilishingizni so‘raydi.

Favqulodda vaziyat ro‘y berishi sabablari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishi ma’lum qilingan.