“G‘azabingni bosa olmaganingda bitta mixni ustunga qoqib qo‘y!”

Bir kuni fizika-matematika fakulteti professori ma’ruza qila turib doskaga katta 1 raqamini yozdi va talabalarga tushuntira boshladi:

- Bu hayotdagi eng muhim sifat – sizning insoniyligingiz.

So‘ng bir raqamining yoniga 0 qo‘ydi va:

- Bu sizning yutuqlaringiz, u insoniyligingizni 10 baravar oshiradi. Yana bir 0 – bu inson tajribasi. Endi siz 100 ga aylandingiz.

Shu tariqa ketma-ket nollarni qo‘shib bordi: ehtiyotkorlik, odob-axloq, muhabbat....

- Har bir qo‘shilgan 0 insonni 10 marotaba ko‘rkamlashtirib, fazilatlarini oshiradi, dedi professor.

To‘satdan u raqamlar qatorining boshidagi 1 raqamini o‘chirib tashladi. Taxtada qadrsiz, foydasiz, ma’nosiz nollar qoldi. Professor dedi:

- Agar sizda insoniylik bo‘lmasa, qolgan amallaringiz ahamiyatsiz, puch va befoyda.

***

Javondagi chiroyli idishda qalam va o‘chirg‘ich yashardi. Ular do‘stona munosabatda bo‘lib, bir-biriga yordam berib turardi.

Bir kuni qalam suhbatini uzr so‘rashdan boshladi, lekin o‘chirg‘ich u nima uchun kechirim so‘rayotganini tushunolmadi.

Qalam tushuntirdi:

“Har safar xato yozsam, sen o‘chirib tashlaysan, xatolarim bilan birga o‘zingning bir qismingni yo‘qotasan va kamayib, qachonlardir yo‘q bo‘lib ketasan. Bu meni juda tashvishga solmoqda”.

O‘chirg‘ich jilmayib javob berdi:

“Ha bu rost, lekin bu mening taqdirim. Xato qilganingni ko‘rganimda, senga yordam bera olishimdan mamnunman va bu har safar sodir bo‘lganida xursand bo‘laman. Shuning uchun tashvishlanma. Shunday bo‘lishi kerak!”

Hissa: Ota-onalarimiz o‘chirg‘ich, biz bolalar esa qalammiz. Ular har doim yordam berishga tayyor va xatolarimizni to‘g‘rilash uchun qo‘llaridan kelganicha harakat qilishadi. Vaqt o‘tishi bilan ota-onalar “o‘chiriladi” – ular qarishadi va bizni abadiy tark etishadi. Biz har doim ulardan vaqtimizni ayamasdan g‘amxo‘rlik va mehr ko‘rsatib turishimiz kerak.

***

Juda g‘azablangan, o‘zini bosa olmaydigan bir yigit bor ekan. Kunlarning birida otasi unga bir xaltachada mix berib, har safar g‘azabini bosa olmaganida bitta mixni ustunga qoqib qo‘yishni maslahat beribdi.

Birinchi kuni ustunda bir necha mixlar qoqildi. Keyingi hafta u g‘azabini jilovlashni o‘rgana boshladi va kun o‘tgan sayin ustundagi mixlar soni kamaya boshladi. Yigit o‘zining qiziqqonligini boshqarish mix qoqishdan ko‘ra osonroq ekanligini tushunib oldi.

Nihoyat o‘zini xotirjam tutadigan kunlar keldi. Yigit bu haqda otasiga aytdi. Otasi endi u har safar o‘zini tiyganida, ustundan bitta mixni tortib olishi kerakligini aytdi.

Vaqt o‘tib, yigit otasiga ustunda bitta ham mix qolmaganligi to‘g‘risida xabar berdi. Shunda otasi o‘g‘lining qo‘lidan tutib, ustun tomon boshladi:

- O‘g‘lim, bergan maslahatimni olding, g‘azabingni jilovlay olishni o‘rganding, lekin ustunda qancha teshik borligini ko‘ryapsanmi? Bu izlar hech qachon yopilmaydi va oldingi holatiga qaytmaydi. Biror kishiga yomon gap aytganingda, uning yuragida xuddi shu teshiklar singari chandiq qoladi. Bundan keyin necha marta kechirim so‘rasang ham, chandiqlar bitmaydi.

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.