Gazetalarning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari “ko‘rinmay qolyapti”
“Urgut sadosi” gazetasining rasmiy veb-sayti, feysbuk sahifasi, telegram kanali ishlamaydi, gazetaning bosma shakli ham chop etilmaydi. “Jomboy tongi”(Jomboy), “Payariq hayoti”(Payariq), “Istiqbol sari”(Qo‘shrabot), “Paxtakor ovozi”(Narpay) gazetalarining rasmiy veb-sayti va feysbuk sahifalari o‘z holiga tashlab qo‘yilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan “Paxtachi” gazetasining rasmiy veb-sayti umuman ishlamaydi.
Bu ma’lumotlar viloyat Matbuot uyida Axborot va ommmaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi tomonidan viloyatning shahar va tumanlar hokimliklari muassisligida bo‘lgan bosma ommaviy axborot vositalarining veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, messenjerlaridagi kanallarining tahlili to‘g‘risidagi hisobotida qayd etildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, viloyatimizdagi 19 ta viloyat, shahar va tumanlar hokimliklari muassisligidagi rasmiy veb-sayti, feysbuk sahifasi, telegram kanallari hamda Yutub messenjeridagi kanallari holati tahlil qilingan. O‘rganishlarga ko‘ra, bugungi kunda barcha gazeta tahririyatlarining rasmiy veb-sayti, feysbuk sahifasi hamda telegram mesenjerida kanallari mavjud.
Ammo, “Qo‘shchinor”, “Gulobod tongi”, “Nurobod”, “Bulung‘ur hayoti”, “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetalarining feysbuk sahifasi yuritilmagan yoki oyda 1-2 ta material joylashtirilgan. Eng yaxshi ishlayotgan gazetalarning telegram kanallaridagi obunachilari 500 taga ham yetmaydi. Faqat uchta - “Qo‘shchinor”, “Istiqbol sari” va “Kattaqo‘rg‘on tongi” gazetalari lotin alifbosida chop etilayotgan bo‘lsa, qolgan gazetalar aralash shaklda material joylashtirmoqda.
O‘.XUDOYBERDIYeV.