Gender tenglik masalalari universitet o‘qituvchi va talabalari o‘rtasida muhokama qilindi

Samarqand davlat universitetida gender tenglik masalalariga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni universitet yoshlar masalalari ma’naviy - ma’rifiy ishlar bo‘yicha prorektori Zebiniso Rahmonova ochib, gender tenglik to‘g‘risidagi qonun ijtimoiy-siyosiy sohalarda ayollarning rolini oshirish uchun zamin yaratganini alohida ta’kidladi.

- Gender tenglik faqat ayol-qizlarni emas, balki erkaklarning ham tengligidir, - dedi falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova.- Oila muqaddas dargoh, uni qurish oson, baxtli hayotni yo‘lga qo‘yish mashaqqatlidir. Bola – shirin, uning tarbiyasi undan ham shirin. Abdulla Avloniy  “Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”, deya ta’kidlagan. Men shunga ham qurbonlik, ham o‘lim deb, qo‘shimcha qilgan bo‘lardim. Chunki bolani to‘qqiz oy sabr qilib, uni dunyoga keltirish bir mashaqqat bo‘lsa, katta qilib tarbiyalash ulkan ma’suliyat. Oiladagi reproduktiv huquq, tarbiya, konflikt munosabatlarni oldini olish muhim vosita. Har bir xonadonning shaxsiy kutubxonasi va kitobxonlari bo‘lishi shart.

 - So‘nggi yillarda xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish yo‘nalishida ham muhim qadamlar qo‘yildi, - dedi xalqaro ta’lim dasturlari fakulteti talabasi Marjona Salimova. – Bu kabi holatlardan jabrlangan xotin-qizlarga tegishli davlat muassasalarining biriktirilganligi, mahalladagi xotin-qizlar masalalarining kuchaytirilganligi va ularning muammolarini o‘rganish bo‘yicha ishlar olib borilishi e’tiborli holat.  

Behruz ShAMSIDDINOV.