Geomatika muhandisligi kafedrasining filiali tashkil etildi

Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish universiteti rektori Chidem Turkyilmaz va Respublika aerogeodeziya markazi Samarqand hududlararo bo‘linmasi derektori Ravshan Hotamov o‘rtasida hamkorlik uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

2023 yil 21 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida “Yer resurslaridan samarali foydalanish, yer hisobini yuritish hamda kadastr xizmatlari sifatini yaxshilash bo‘yicha kelgusida ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayonnomasi va Respublika Prezidentining 2024 yil 18 yanvardagi PF-16-sonli farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida, 2024 yil yanvarida Respublika aerogeodeziya markazi Samarqand hududlararo bo‘linmasida Geomatika muhandisligi kafedrasining filiali tashkil qilindi.

Endilikda ushbu filial orqali O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2024 yil 20 iyun kuni kengaytirilgan tarzda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining 32-sonli bayonida ko‘rsatilgan muhandislik sohasida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar ijrosini amalga oshirishda hamda mamlakatimizda muhandis kadrlar tayyorlash jarayonida yuzaga kelayotgan muammoli holatlarni bartaraf etish, “tarmoq-korxona-oliygoh” zanjiri asosida muhandislik oliy ta’lim muassasalari va sanoat tarmog‘i (ishlab chiqarish korxona va tashkilotlar)ning o‘zaro hamkorligi ta’minlanadi.

Yangi o‘quv yilidan boshlab Respublika aerogeodeziya markazi Samarqand hududlararo bo‘linmasida Geomatika muhandisligi kafedrasi filialida kadastr, geomatika muhandisligi, geodeziya, kartografiya va kadastr hamda geodeziya va geoinformatika ta’lim yo‘nalishlari talabalariga fan-ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini amalga oshirishda dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi.

SamDAQU axborot xizmati.