"Ginnesning rekordlar kitobi"ga kirgan hayvonlar haqida eshitganmisiz?
"Ginnesning rekordlar kitobi" ba’zan juda jiddiy, ba’zida esa juda g‘alati va kulgili yutuqlarni o‘zi ichiga olgan “katalog”dir. Bundan tashqari, rekordlar nafaqat odamlar, balki hayvonlar tomonidan ham o‘rnatiladi. Aniqki, ular ba’zi odamlar kabi shuhratparastlik orqasidan quvmasdan shundoqqina ushbu kitobdan joy olgan.
Rekordlar kitobiga kiritilgan sigirlar
Nasldor qoramol - Rani dunyodagi eng kichik sigir sifatida tan olingan. Uning qisqagina umri Bangladeshda o‘tgan. Jajji sigirchaning fotosurati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, minglab qiziquvchan sayyohlar ajoyib mavjudotni ko‘rishga kela boshlagan. Afsuski, Rani uzoq umr ko‘rmadi, u 2 yoshida olamdan o‘tdi. Ehtimol, uning o‘limi tanasidagi kamchiliklar bilan bog‘liqdir.
Ranining bo‘yi bor-yo‘g‘i 51 santimetr edi, bu avvalgi rekordchi sanalgan bo‘yi 80 santimetr bo‘lgan Buyuk Britaniyadagi Svollou laqabli sigirnikidan sezilarli darajada past edi. Svollou 11 yil yashab, 9 buzoqchani dunyoga keltirdi.
Donneto dunyodagi eng katta ho‘kiz sifatida tan olingan. U o‘tgan asrning o‘rtalarida Shveysariyada yashagan va zamondoshlarining guvohliklariga ko‘ra unda tajovuzkorlikdan asar ham yo‘q, aksincha u juda mehribon bo‘lgan. Donnetoning bo‘yi 1 metr 90 santimetr, vazni esa 2 tonna atrofida yuk bosgan.
Rekordchi mushuk
"Ginnesning rekordlar kitobi"da bir necha rekord o‘rnatgan mushuklar ham bor. Ulardan biri Smokki ismli mushuk rasman “dunyodagi eng baland ovozli mushuk” sifatida tan olingan.
Smokki oddiy mushuklarga qaraganda 4 baravar balandroq xirillaydi. Ovoz balandligini o‘lchaydigan maxsus asbob Smokki Boing-737 samolyoti yaqinlashganda paydo bo‘ladigan shovqin darajasi bilan teng 92 dB (detsibel) tovush chiqarishini ko‘rsatdi. Bu mushukning egalariga u bilan birga yashash unchalik oson bo‘lmasa kerak.
Rekordchi itlar
2010 yilda qayd etilgan rekordga ko‘ra, dunyodagi eng katta Jorj laqabli ko‘k itning bo‘yi 1,10 metr, tanasining uzunligi 2,21 metr, vazni 110 kilogrammga teng bo‘lgan. Bu hayvon uch yil yashagan.
Dunyodagi eng qimmat it qadimgi ildizlarga ega, katta, serjun va juda do‘stona Tibet mastifidir. Ular xayrixoh, bajonidil bolalar bilan o‘ynaydi va juda g‘amxo‘r enagalar hamdir. Bu itlarning o‘rtacha bahosi 100 ming AQSh dollarini tashkil qiladi. 2013 yilda Xitoyda katta yoshli it 1,9 million dollarga sotilgan.
Yovvoyi tabiatdagi gigantlar
Qoidaga ko‘ra yovvoyi tabiat rekordchilari faqat o‘limidan keyin mashhur bo‘ladi va afsuski, ularning o‘lim sababchilari insonlardir. Masalan, 2002 yilda tanasaning uzunligi 7 metrdan oshgan odamxo‘r timsoh ushlangan. Hayvon juda noyob, biroq u bilan bir joyda “qo‘shnichilik” qilish juda xavfli.
Rasmiy ravishda kit akulasi sayyoradagi eng katta baliq sifatida tan olingan. Uning og‘irligi 20 tonnaga yetishi mumkin, bu esa temir yo‘l vagonining og‘irligiga tengdir. Rekordlar kitobiga 2000 yilda Pokiston hududiy suvlarida tutilgan tanasining uzunligi 7 metr, tanasidagi eng keng nuqtasi 16 metr bo‘lgan akula kiritilgan. Undan ham kattaroqlari ushlanganligi haqida xabarlar bor, biroq ma’lumotlar rasman tasdiqlanmagan.
"Iye, kitlarning uzunligi 20 metrdan, og‘irligi 40 tonnadan oshib ketadi-ku", degan bilag‘onlar ham topiladi. Ularga afsus, agar ona kitning bolalariga beradigan suti bo‘lmaganida uni haqiqatan ham katta baliq deb aytish mumkin bo‘lardi. "Garchi kit suvda yashasa-da, u sut emizuvchidir. Baliq esa baliq. Ularni adashtirmaylik", deb aytgan bo‘lar edik...
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.