Giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar IIB xodimlari nigohidan qochib qutulolmadi

Respublikamizda giyohvand moddalarni ekish, yetishtirish, tayyorlash, saqlash, o‘tkazish-sotish, iste’mol qilish, jalb etish, ishlab chiqarish jinoyat hisoblanadi va muayyan javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Kattaqo‘rg‘on shahar IIB jinoyat qidiruv bo‘limi tomonidan giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanuvchi shaxslarni aniqlash, ularning “faoliyati”ga chek qo‘yish, tarkibiga giyohvandlik moddalari bo‘lgan o‘simliklar ekilishining oldini olish bo‘yicha maxsus chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Bu jarayonda tarkibiga giyohvandlik moddalari bo‘lgan o‘simliklarni yetishtirayotgan va giyohvand moddalarni sotayotgan yurtdoshlarimiz aniqlanmoqda. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumani Polvontepa mahallasidagi Muxtor qishlog‘ida 1994 yilda tug‘ilgan S.F. uyi yaqinidagi paxta dalasining arig‘i yonida marixuana giyohvandlik o‘simligini qonunga xilof ravishda yetishtirayotgani aniqlangan.

U o‘zining jinoiy xatti-harakatlarini davom ettirib, Kattaqo‘rg‘on shahar, Bobur ko‘chasi hududida gugurt qutisiga qadoqlangan 1,94 gramm miqdordagi marixuana giyovandlik vositasini 50 ming so‘mga sotayotgan vaqtda shahar IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Oqibatda S.F. Jinoyat kodeksining 270 – moddasi 1 – qism va 273-moddasi 2 – qismda ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanib, to‘plangan materiallar jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on shahar sudiga yuborilgan.

Shunga o‘xshash jinoyatni 1975 yilda Kattaqo‘rg‘on shahrida tug‘ilgan Baland chordara mahallasi, Baland chordara ko‘chasida yashovchi B.T. ham sodir etgan. U gul ekiladigan tuvakda giyohvandlik o‘simligini yetishtirib, o‘zi iste’mol qilish maqsadida “kent” nomli sigareta qutisi ichiga qadoqlab, saqlagan.

Mashinada ketayotgan B.T.ning cho‘ntagida sigareta qutisi ichidagi marixuana giyohvandlik moddasi Samarqand viloyati IIB YHXB inspektori tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv davomida aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirilgan.

B.T. Jinoyat kodeksining 270-moddasi 1-qism va 276-moddasi 1- qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni qastdan sodir etganligi uchun unga ayblov e’lon qilib, to‘plangan hujjatlar sudga yuborilgan.

M.JUMAYeV,

shahar IIB faxriylar kengashi raisi.