Global ta’lim konsorsiumi kelgusi yildan Samarqand xalqaro texnologiya universitetida MBA dasturini ochishda ko‘maklashadi
CGE prezidenti Karolyn Bishop xonim boshchiligidagi Global ta’lim konsorsiumiga a’zo qator universitetlar vakillaridan iborat delegatsiyasi ilk bor O‘zbekiston, xususan, Samarqand shahriga keldi.
Mazkur delegatsiya tarkibida CGEning AQSh va Hindistondagi Wayland University, Anderson University, Cambellsville University, Reimagine Solutions kabi a’zo universitetlar vakillari ham bor. Tashrifdan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishishdir.
Uch kun davomida delegatsiya a’zolari Samarqandning tarixiy obidalarini tomosha qildi, “Samarqand-Buxoro ipak gilamlari” fabrikasida bo‘ldi, “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik markazida sayyohlik imkoniyatlari bilan tanishdi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari Samarqand xalqaro texnologiya universiteti (SIUT)da bo‘lib, professor-o‘qituvchi va talabalar bilan uchrashdi, suhbatlashdi. Oliygohda talaba va professor-o‘qituvchilarga Konsorsium faoliyati, xalqaro dasturlar hamda akademik almashinuv imkoniyatlari tanishtirildi.
Global ta’lim konsorsiumi (CGE) notijorat xalqaro tashkilot bo‘lib, AQShning 23 dan ortiq shtati, shuningdek, dunyoning 10 dan ortiq mamlakatida joylashgan xususiy universitet va kollejlarni qamrab olgan. Konsorsium 1987 yilda Atlanta (AQSh)da Konsorsiumga a’zo universitetlar o‘rtasida malaka oshirish va kasbiy tajriba almashish orqali sifatli xalqaro ta’limni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. Hozirgi kunda CGE 124 mingdan ortiq talaba va 7,3 mingdan ziyod birlashtirgan. E’tiborlisi, CGEda SIUT universiteti nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasidagi, balki Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi universitetlar orasida yagona vakil hisoblanadi.
Uchrashuvda SIUT professor-o‘qituvchilari tomonidan o‘quv dasturlarini sertifikatlash va bu jarayonda CGEning qo‘llab-quvvatlashga doir muhim mavzular ham o‘rtaga tashlandi. Talabalar esa xalqaro almashinuv hamda Work & Travel dasturlari, bundan tashqari, konsorsium tomonidan ajratiladigan turli grantlar bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildi. CGE vakillari berilgan barcha savollarga batafsil javob berdi. Xususan, CGE SIUTda o‘qitiladigan turli dasturlarni sertifikatlash, keyingi o‘quv yilidan boshlab esa universitetda MBA dasturini ochishda amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini alohida ta’kidladi.
Asila IBRAGIMOVA.