"Golf" o‘yini o‘zimizning "Podato‘p"dan olingan

Ijodiy jamoamiz bilan baxshi Fozil Yo‘ldosh tavalludining 150 yilligi oldidan reportaj tayyorlash maqsadida Bulung‘ur tumani "Sohibkor" mahallasiga borganimizda uzoqdan shu so‘zlar bilan boshlanadigan qo‘shiq qulog‘imizga chalindi.
Ovoz kelayotgan tomonga yurdik. Mahalladan oqib o‘tuvchi Bulung‘ur arig‘i bo‘yida folklor jamoasi qarsak chalib, kuylardi. Taqvim bo‘yicha qish hali tugamagan bo‘lsa-da, soy yoqasida bahor nafasi ufurib turibdi. Qiyaliklarda boychechaklar qiyg‘os ochilgan. Shu xushmanzara hududda jamoa a’zolari bilan suhbatlashdik.
Ariq bo‘yida Navro‘z nafasi
- Bu yerda “Chavqi” folklor etnografik xalq jamoasi Navro‘z bayramiga tayyorgarlik ko‘ryapti, - dedi bizni kutib olgan 2-sonli "Sohibkor" madaniyat markazi rahbari Mahmud Ermatov. – Har yili sayilga shu qadimiy ariq bo‘yida tayyorgarlik ko‘rishni odat qilganmiz. Bu manzara san’atkorlarimizga zavq bag‘ishlaydi, ilhom beradi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Suvonqul Abduqodirov tashabbusi bilan 1986 yilda tashkil etilgan jamoa qisqa fursatda elga tanilgan. 1987 yilda xalq ansambli nomiga sazovor bo‘lgan. Jamoaning dastlabki a’zolari 60 yoshdan 90 yoshgacha bo‘lgan otaxonlar bo‘lib, keyinchalik onaxonlar qo‘shilgan. Bugungi kunga kelib esa jamoa a’zolari turli yoshdagi san’atsevarlardir.
Ansambl a’zolari oddiy odamlar
Jamoa rahbari Eshbek Normurodov yoshligida traktorchi bo‘lgan. Iste’dodi, izlanishi, tinimsiz mehnati tufayli "O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi" unvoni, "Shuhrat" medali sohibi bo‘ldi. Ansamblda 25 yildan beri faoliyat yuritib kelayotgan yana bir iste’dod egasi Iqbol Soatmurodova aslida madaniyat markazida oddiy ishchi – farrosh bo‘lib ishlaydi. Ammo uning mahorati ham har qanday tahsinga loyiq.
- Bobolarimizdan qolgan aytishuvlarda, termalarda, qo‘shiqlarda, milliy o‘yinlarda hikmat bor, - deydi I. Soatmurodova. – Jamoaga a’zo bo‘lganimdan faxrlanaman. Mashg‘ulotlarimiz yoshlarning nafaqat vaqtini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashadi, balki har tomonlama tarbiyali, sog‘lom, zukko, topqir bo‘lib kamol topishiga zamin yaratadi.
“Chavqi” “nihollar”ni ham parvarishlayapti
Jamoa nufuzli festivallarda, bayram sayillarida qatnashib kelmoqda. Turli ko‘rik-tanlovlarda yuqori o‘rinlarni egallagan. Bugungi kunda ansamblning to‘rtinchi avlodi shakllanib kelyapti.
- Ahamiyatlisi, ansamblda ustoz shogird an’anasini yaxshi yo‘lga qo‘yilgan, - deydi jamoaning yosh a’zolaridan biri Mirzabek Ismatov. - Biz uchinchi avlod bo‘lsak, uka-singillarimizdan iborat to‘rtinchi avlod shakllanyapti. Sababi, jamoamiz qoshida “Chavqi nihollari” bolalar folklor ansambli ham tashkil etilgan. Unda qishlog‘imizning iqtidorli bolalari qiziqishlari tufayli ota-bobolarimizdan qolgan, og‘izdan-og‘izga o‘tib kelayotgan qo‘shiqlarni, termalarni o‘rganib kelmoqda. Bu yosh jamoa ham keyingi yillarda viloyatimizda o‘tkaziladigan tanlovlarda birinchilikni qo‘ldan boy bermay kelyapti.
Golf o‘yini podato‘pdan olingan(mi?)
Ansambl repertuarida yo‘qolib ketayotgan podato‘p, chillak, podachi, happak tosh, kim kuchli kabi xalq o‘yinlari aks etgan sahna ko‘rinishlari va qo‘shiqlar o‘rin olgan.
- Bu o‘yinlarni namoyish etishimiz qadim an’analarimizni avloddan-avlodga meros qilib qoldirishga, yoshlarimizni milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, - deydi bizni kuzatishdan oldin madaniyat markazi rahbari M.Ermatov. – Podato‘p golf o‘yiniga o‘xshab ketadi. Bu o‘yinni cho‘pon yigitlar o‘ylab topgan. To‘p tullagan molning junidan yasaladi. Chavgon esa cho‘pon tayog‘i. To‘p sig‘adigan xandakcha qaziladi. To‘pni uzoqroq masofadan tayoq bilan urib irg‘itish va xandakchaga tushirish talab etiladi. Bu juda qadimiy o‘yinlarimizdan. Golf o‘yini podato‘pdan olingan bo‘lsa, ajabmas.
Jamoaning Navro‘zga tayyorgarligini tasvirga oldik. Shu jarayonda ansambl “Qoyt, govmishim, qoyt-qoyt”, deb kuylayotgan paytda bir necha bosh qoramol tasodifan soylikka tushib kela boshlaganini sezmay qoldik. Jamoaning yosh a’zolaridan biri ashula aytish bilan birga operatorlarimizga, “Anavi mollarniyam suratga olinglar”, deya ishora qildi. Tasvirchilarimizdan biri u ko‘rsatgan tomonga qarab yugurdi. Xullas, tasodifiy holatlar Zarnews.uz saytimiz uchun qiziqarli videolavha tayyorlanishiga sabab bo‘ldi.
Muxbir: To‘lqin Siddiqov,
Tasvirchilar: Baxtiyor Mustanov,
Azizbek Rajabov.