Gripp va koronavirus: Ularni bir-biridan qanday farqlash mumkin?
Shu kunlarda ko‘plab mamlakatlarda gripp epidemiyasi avj olmoqda. Biroq bu xastalik belgilari «omikron» shtammi alomatlari bilan deyarli bir xil.
Xo‘sh, tibbiy tahlillarsiz ushbu kasalliklarni bir-biridan qanday farqlash mumkin? Xorijlik olimlar bu boradagi xulosalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ularning fikricha, gripp virusining inkubatsiya davri ancha qisqa — 1-2 kunni tashkil etadi. Koronavirusning yashirin muddati esa uzoqroq — 4-6 kun davom etadi. Demak, grippga chalingan bemor bilan muloqotdan bir kun o‘tib, betob bo‘lib qolsangiz, sizga ham mazkur infeksiya yuqqani ehtimoli yuqori.
Qolaversa, odatiy gripp ko‘pincha mushak, bo‘g‘im va suyaklar hamda bosh og‘rig‘ini keltirib chiqaradi.
Har ikki xastalik tana haroratining keskin ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i, yo‘tal va umumiy holsizlik bilan boshlanadi. Burun oqishi va 37 daraja atrofidagi isitma esa boshqa o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga xos. Lekin aniq tashxis uchun PZR-test talab etiladi.
Shunga qaramay, har ikki kasallikning yengil shakllarida statsionar muolaja choralari bir xil: yotoq rejimi, ko‘proq suyuqlik ichish, harorat 38 darajadan oshganda va bosh og‘riganda isitma tushiruvchi hamda og‘riq qoldiruvchi dorilar ichish talab etiladi. Eng muhimi, uy sharoitidagi muolajalar kamida bir hafta davom etishi kerak.