Gulistonda rashk tufayli o‘ldirilgan ayolning qotili haqida bosh prokuratura ma’lumot berdi

2019 yil 18 iyun kuni soat taxminan 11.00 larda Guliston shahri, 4-mavzedagi xonadonlardan birida fuqaro O‘.A.ning (ayol, 1998 yilda tug‘ilgan) jasadi qotillik alomatlari bilan topilgan.

Mazkur holat yuzasidan Sirdaryo viloyat prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi bilan jinoyat qo‘zg‘atildi.

Mazkur jinoyat ishi yuzasidan Bosh prokuraturaning O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan tergov-tezkor guruhi tuzilib, amalga oshirilgan keng qamrovli tadbirlar natijasida jinoyat fosh etildi.

Aniqlanishicha, Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanida yashovchi fuqaro A.I. (1993 yilda tug‘ilgan) joriy yilning 15 iyun kuni ilgaridan o‘ziga tanish bo‘lgan O‘.A.ni rashk oqibatida, uxlab yotganligidan foydalanib, o‘zi bilan olib kelgan ip bo‘lagi bilan uning bo‘ynidan bo‘g‘ib, qasddan o‘ldirib, bo‘ynida bo‘lgan tilla zanjir, 1 juft tilla zirak, plastik kartochkasi va “Samsung Galaxy” rusumli uyali telefonini qo‘lga kiritgan.

Jinoyatda gumon qilinuvchi A.I. tomonidan sodir etilganligi uning iqrorlik arizasi, ko‘rsatuvlarini hodisa joyida tekshirish tergov harakatlari, marhumaga tegishli bo‘lgan daliliy ashyolar: plastik kartochkasi, hodisa joyidan olib ketilgan tilla buyumlar, “Samsung Galaxy” rusumli uyali telefoni, barmoq izlari, guvohlarning ko‘rsatuvlari va boshqa dalillar majmui bilan tasdiqlanmoqda.

Dastlabki tergov harakatlari davom etmoqda.