G‘uzorda «qovun daraxti» yetishtirish ommalashmoqda

Gap tropik daraxt hisoblangan papayya haqida bormoqda. U yurtimizning iqlim sharoitiga xos emas, ammo «qovun daraxti» omilkorlik tufayli g‘uzorlik issiqxonachilarning an’anaviy ekin turiga aylanmoqda.

G‘uzor tumanining Tugal qishlog‘ida istiqomat qiluvchi O‘rol Tursunovning issiqxonasida hozirgi paytda papayya juda chiroyli tusga kirgan. Mo‘’jaz bog‘ga kirgan kishining qaytib chiqqisi kelmaydi. Qariyb 2 sotix bog‘da yigirma tupga yaqin papayya daraxti gullab, hosilga kirgan.

— Issiqxona harorati plyus 10 darajadan yuqori bo‘lganida papayya tinmay gullayveradi, — deydi O‘rol Tursunov. — Hosiliyam yaxshi bo‘ladi. Faqat mehnatidan qochmaslik kerak. Issiq iqlimda o‘sgani bois issiqxona sharoitiga yaxshi moslashadi. Ammo kasallikka tez chalinib, birdan qurib qolish holatlari ham uchrab turadi. Shu bois bu o‘simlikka o‘ta e’tiborli bo‘lish talab etiladi. Bu «qovun daraxti»ning dorivor xususiyati ko‘p. Organizmning immun tizimini mustahkamlashda, ovqat hazm qilishni yaxshilashda, hatto bepushtlikda nafi katta. Yaxshi parvarish qilinsa, bir tupidan 100-200 donagacha meva beradi.

Papayya pishganida po‘sti oltin rangga kiradi, ichi esa zangori, mazasi va hidi yangi uzilgan qovunni eslatadi. “Qovun daraxti” deyilishi ham shundan. Ma’lumotlarga ko‘ra, papayyaning mingdan ortiq navi bo‘lib, qaysi mamlakatda o‘sishiga qarab nafaqat mevasining ko‘rinishi, balki mazasi ham farq qilar ekan. Biroq ularni bir xususiyat birlashtirib turadi - salomatlik uchun foydalilik.

- 100 gramm papayyada 26-74 kaloriyagacha energetik quvvat mavjud bo‘ladi, - deydi O‘.Tursunov. - Tarkibida glyukoza, fruktoza, organik kislotalar, oqsil va turli vitaminlar serob.

Ahad Muhammadiyev.