Markaziy bank jismoniy shaxslar uchun kartalar soni cheklanishi haqidagi xabarlarga izoh berdi
Unga ko‘ra, bank kartalari bilan bog‘liq shubhali (frod) operatsiyalarning oldini olish, firibgarlik sxemalarida jismoniy shaxslarga tegishli hisobvaraqlar va bank kartalari ishtirokini kamaytirish maqsadida yangi taklif tartib ko‘rilmoqda.
Ta’kidlanishicha, banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JShShIRga) kartalar sonini (virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda) vaqtinchalik bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha belgilash masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
Bunda ushbu talab chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga nisbatan tatbiq etilmasligi ko‘zda tutilmoqda.
Xabarda jismoniy shaxslar nomiga ko‘p miqdorda ochilgan bank kartalarini tahlil qilish jarayonida, ushbu bank kartalarining bir qismidan (aksariyat holatlarda karta egasining xabari yo‘q) firibgarlik maqsadlarida foydalanilayotganligi aniqlangani aytilgan.