Reyting: Qaysi davlatlarda internetdan ko‘p foydalanadi?

Hozirgi kunda dunyo aholisining 74 foizi, ya’ni 6 milliardga yaqin kishi internetdan foydalanadi. Bu dunyo aholisining internetga kira olish imkoniyati bo‘lgan o‘tgan yilga nisbatan (taxminan 5,8 milliard) 3 foizga ko‘pdir

O‘sish davom etayotganiga qaramay, dunyo aholisining to‘rtdan bir qismidan ko‘prog‘i oflayn rejimni afzal ko‘radi. Internetga kirish ham daromad darajasiga qarab keskin farq qiladi: yuqori daromadli mamlakatlarda aholining 94 foizi internetdan foydalanadi, kam daromadli mamlakatlarda esa bu atigi 23 foizni tashkil qiladi.

Datareportal platformasi tomonidan taqdim etilgan infografikada internetdan foydalanuvchilarning umumiy soni eng yuqori bo‘lgan 20 ta davlat reytingi vizuallashtirilgan. Aytish kerakki, bu yerda mamlakatlardagi internetning kirib borish darajasi emas, balki aholi soni hal qiluvchi omil sifatida xizmat qiladi.

Xitoy taxminan 1,3 milliard internet foydalanuvchisi bilan birinchi o‘rinda turadi, bu mamlakat aholisining 90 foizidan ortig‘ini tashkil qiladi. Garchi internetga kirish darajasi taxminan 70 foizni tashkil qilsa-da, 1,03 milliard foydalanuvchisi bor Hindiston davlati keyingi o‘rinda. Birgalikda, Xitoy va Hindiston boshqa barcha yigirmatalikda bo‘lgan davlatlarni qo‘shib jamlagandan ko‘ra ko‘proq internet foydalanuvchilariga ega.

Reyting yirik rivojlanayotgan bozorlar, jumladan, Indoneziya, Braziliya, Pokiston va Nigeriya internet foydalanuvchilari soni bo‘yicha ko‘plab boshqa rivojlangan iqtisodiyotlar bilan raqobatlashayotganini yoki ulardan oshib ketishini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Bu global faol onlayn markazning global janub mamlakatlariga qarab siljishidan dalolat beradi.

Butun dunyo bo‘ylab internetdan foydalanish tez sur’atlar bilan o‘sib borayotganiga qaramay, Afrika sayyoramizning eng yirik onlayn hamjamiyatlari orasida kam vakillik darajasida qolmoqda. Birgina Nigeriya birinchi o‘ntalikka kiruvchi yagona Afrika davlati hisoblanadi va qit’adagi faqat ikkitagina davlat kuchli  yigirmatalikka kiradi.

Bu Afrikaning ko‘p qismida internetning kirib borish darajasi pastligi, infratuzilmadagi muammolarning mavjudligi va ulanish narxi bilan bog‘liq doimiy muammolar bilan bog‘liq.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.