Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Haddan ziyod tashvishlanasizmi? Kutilmagan xavflarni fahmlagan odam o‘zi va yaqinlari hayotini saqlab qolishi mumkin

So‘nggi ilmiy dalillar, tadqiqotlar tashvish va tashvishga moyillik juda rivojlangan aqlning belgisi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi.

Bezovtalik darajasi yuqori bo‘lgan odamlar ko‘pincha ba’zi masalalarga e’tibor bermaslikni o‘ziga ep ko‘rmasdan, turli muammolar haqida tashvishlanib yurishi bor gap. Bu borada hatto maxsus o‘rganish olib borildi.

London qirollik kollejining shaxsiy neyrobiologiya bo‘yicha mutaxassisi Adam Perkins bu haqda shunday deydi:

- Agar miyangizda salbiy tusdagi, o‘z-o‘zidan yaralgan fikrlar hukmronlik qilsa (tahdidlarni ongli ravishda idrok etish uchun javobgar bo‘lgan miyaning old qismi yuqori darajadagi faolligi sabab) va siz boshqalarga qaraganda, vahimaga ko‘proq tushishga moyilligingiz bo‘lsa (ayniqsa, bodomsimon bezlarining yuqori reaktivligi tufayli), bu unchalik xavfli bo‘lmasa-da, kuchli salbiy his-tuyg‘ularni boshdan kechirish qobiliyatini belgilaydi.

Bu shuni anglatadiki, bir qator aniq neyronik sabablarga ko‘ra, nevrotizmning yuqori darajasiga erishgan odamlar juda rivojlangan tasavvur sohibidir. Aniqlanishicha,  quvnoq, beparvo odamlar muammolarga duch kelmaydi. Shuning uchun muammolarni hal qilish to‘g‘risida gap ketganda, ular nevrotik shaxslarga qaraganda pastroq mavqega ega bo‘ladi.

Bu nazariya o‘zining samaradorligi bilan sinovdan oson o‘tadi. Chunki daholar ko‘pincha og‘riqli, ma’yus tabiati bilan ajralib turishini va nevrotizmning yuqori darajasiga ishora qilayotganini ko‘ramiz.

Isaak Nyuton, Charlz Darvin, Vinsent van Gog va boshqalarning tarjimai hollarini eslang. Djon Lennon ijod va nevrotiklik o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida shunday degan edi: “Daholik – bu og‘ir dard”.

Aslida Perkins tashvishlanadiganlar muammoni boshqalarga qaraganda ancha oldinroq hal qila olishlarini ko‘zda tutgan. “Ular doimiy tashvish tufayli barcha jumboqlarni hal qilish yo‘llarini izlaydi va miyasi bir soniya ishlashdan to‘xtamaydi”, deydi u.

Professor doktor Jeremi Koplan o‘zining ilmiy tajribasiga asoslanib, shunday deydi:

- Biz xavotirni zararli xislat sifatida ko‘rib chiqishga odatlangan bo‘lsak-da, u aql bilan bog‘liq juda moslashuvchan xususiyat. Yuqori darajali xavotirning ortishi muammo bo‘lishi mumkin. Lekin bu toifadagi bemorning kechinmalari tajribasi ko‘pincha aqlga ziddir... Masalan, ba’zida hayotda kutilmagan xavf paydo bo‘ladi. Ana shu holatda haddan tashqari tashvishlanish juda qo‘l keladi. Kutilmagan xavf signallarini fahmlab olgan odamlar o‘zlari va avlodlari hayotini saqlab qolishlari mumkin.

Endi o‘zingizga savol bering: Xo‘sh, siz haddan ziyod tashvishlanasizmi?

Bahora MUHAMMADIYeVA tarjimasi.