Hafta davomida havo harorati +22 darajagacha ko‘tarilishi kutilmoqda
"O‘zgidromet" xabariga ko‘ra, ushbu hafta davomida O‘zbekiston hududi iliq havo massasi ta’siri ostida bo‘ladi.
Harorat foni nisbatan tekis bo‘ladi. Havo harorati asosan kechalari 2-7 daraja iliq, kunduz kunlari 13-18 daraja iliq, ayrim kunlarda 20-22 daraja iliqqacha bo‘ladi.
Haftaning asosiy qismida O‘zbekiston hududi bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Faqat 22 fevral chorshanba kuni ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi, shimoliy hududlar, eng chekka janub va Farg‘ona vodiysida yog‘ingarchilik kutilmaydi.
Ayrim joylarda shamol tezligi 15-20 m/s gacha kuchayadi.
Juma kuni respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlariga Rossiyaning Yevropa qismi ustida shakllangan sovuq va nam havo massasi kirib kelishi boshlanadi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida 24 fevral kuni yog‘ingarchilik bo‘ladi, kunduzgi harorat 3-6 daraja iliqqacha pasayadi. Buxoro, Navoiy viloyatlarida ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Dam olish kunlari sovuq va nam havo massasining kirib kelishi respublikaning barcha hududlariga tarqaladi.