“Hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q” — Shavkat Mirziyoyev

Prezident raisligida davlat xizmatini isloh qilish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

“Bugungi mavzu 30 yildan beri keyinga surilib kelayotgan masalalar yechimiga qaratilgan.

Gap 35 million aholimizning hayotini yengil qiladigan, kayfiyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan – davlat xizmatini isloh qilish hamda boshqaruvda natijadorlik va sifatni oshirish haqida borayapti”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.

Ta’kidlanganidek, bu sohada 118 ming kishi mehnat qilmoqda. So‘nggi yillarda davlat xizmatchilari xalqqa ancha yaqinlashdi, “mahallabay” va “xonadonbay” ishlash tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Xodimlarga samarali ishlashlari uchun munosib sharoitlar yaratildi.

Natijada, davlat xizmatida 40 yoshgacha bo‘lgan xodimlar ulushi 61 foizga yetdi (ilgari 37 foiz bo‘lgan).

“Lekin, hali davlat xizmati chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylangani yo‘q”, dedi Prezident.

Misol uchun, o‘tgan yili Xalq qabulxonalariga vazirlik va hokimliklar xodimlarining bilimsizligi va mas’uliyatsizligi haqida 25 mingta, ularning muloqot madaniyati yetishmasligi bilan bog‘liq 7 mingta shikoyat kelib tushdi.

Eng ko‘p shikoyatlar Sog‘liqni saqlash, Xalq ta’limi vazirliklari, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari hokimliklari faoliyati bilan bog‘liq, deya xabar bermoqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.