«Haqini bering, qarzdorligingizni yo‘q qilaman”degan «mutaxassis»lar javobgarlikka tortildi

Tabiiy gaz yoki elektr tarmoqlari korxonasida ishlovchi ayrim kimsalarning bunday gaplarini siz ham eshitgan chiqarsiz. Afsuski, bu idoralar xodimlari orasida insofini nafsiga almashtirgan «mutaxassis»lar ming afsuski yo‘q emas.

Masalan, viloyat majburiy ijro byurosi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Burxon Haydarovning ma’lumotiga ko‘ra, “Elektr tarmoqlari va montaj ishlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati xodimlari Begzod Zokirov, Turdi Isanov, Inoyat Turopov (maqoladagi barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) o‘z nafsi yo‘lida xizmat vazifalarini suiiste’mol qilayotganlardan ekan. Ular o‘zaro til biriktirib, iste’molchi Adash Xudayqulovdan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlik holatini rasmiylashtirmaslik evaziga 300 ming so‘m pora talab qilishgan. Bu holat bo‘yicha A.Xudayqulov viloyat majburiy ijro byurosiga ariza bilan murojaat qildi. Tezkor guruh xodimlari tomonidan daliliy ¬ashyolar yig‘ilib, jinoiy ish qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, Past Darg‘om tumanida yashovchi bir guruh fuqarolar «Pastdarg‘omtumangaz» korxonasi uchastka nozirlarining xurmacha qiliqlari xususida majburiy ijro byurosiga murojaat qildi. O‘rganish davomida uchastka xodimlari Said Eshonov, Ro‘zi Muhammadiyev, Latif Inatovlar fuqaro Rashid Ishonovni tabiiy gazdan qarzi borligi, bu qarzni to‘lamay yurganligi bois katta jarimaga tortilishini va shu bois gaz tarmog‘idan uzib qo‘yishlarini aytgan. Bunga barham berish, ya’ni qarzdorlikni kompyuter hisobidan chiqarilishini istasa, 2 million 352 ming so‘m «xizmat haqi» berishini bildirgan…

Bu holat mutaxassislar hamda huquqni muhofaza qiluvchi idora xodimlari ishtirokida fosh etildi. Nafsi hakalak otgan «olg‘ir»lar jinoiy javobgarlikka tortildi.

Azim QODIROV.