Haqiqatni aytish kuchlilikdan dalolatdir
O‘z fikrini ochiq aytish, o‘zligini namoyon etish sharoitlarisiz shaxs o‘zining jamiyat oldidagi vazifalarini ado eta olmaydi. Shuningdek, jurnalistikaning "to‘rtinchi hokimiyat" maqomiga erishuvida so‘z erkinligining ahamiyati katta.
Buning uchun ommaviy axborot vositalari o‘zlarining samaradorligini oshirishi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishlari lozim. Bugungi kunda pirovard maqsadimiz har tomonlama taraqqiy etgan fuqarolik jamiyati qurish ekan, bu yo‘lda to‘g‘anoq bo‘lib turgan to‘siqlar, cheklashlar, yon berishga majbur etuvchi kuchlarni bosqichma-bosqich tugatib borishimiz lozim.
Bugungi kunda radio, televideniye kuchli axborot vositasi bo‘lib turibdi. Internet jurnalistikasi yashin tezligida rivojlanyapti. Ilk gazeta 1609 yil, qariyb besh asr muqaddam paydo bo‘lgan esa-da, o‘z mavqeini yo‘qotgani yo‘q. Ingliz kiborlari yoki jahonning yirik korporatsiya rahbarlari hali-hanuz kunni mahalliy gazetaning yangi soni bilan tanishishdan boshlashadi.
Mamlakatimiz Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Harakatlar strategiyasini ommaga taqdim etishi, xalq bilan muloqotlari jarayonida ma’naviyat va ma’rifatni keng targ‘ib qilishi asnosida kitob, gazeta mutolaasi urf bo‘ldi. Xayriyatki, kitob va gazeta do‘konlari yana gavjum. O‘tgan asrning to‘qsoninchi yillaridan haftada bir marotaba o‘n minglab nusxada chop etilayotgan ayrim xususiy nashrlar garchi "sariq matbuot" deya ta’riflanib, shakl-saviyasi kimgadir yoqmasa-da, o‘tish davrida jamiyatning o‘qishga nisbatan qiziqishini ushlab turdi.
Siyosiy-ijtimoiy nashrlar, xususan, "Zarafshon" gazetasida ijobiy o‘zgarishlarni ko‘ramiz. Gazetani o‘qirkansiz, avvalo, "hamisha bir qadam oldinda" tamoyili seziladi. "Kuzda daraxtning bargi ustidan to‘kilsa, qish qattiq keladi", degan kabi gazetada qanday mavzu ko‘tarilsa, uning dolzarbligi oz muddat o‘tgach, sezilib qoladi. Shu sababli sahifada tanqidiy maqolaning paydo bo‘lishi amaldorning "sho‘rini quritish"dan ko‘ra bunyodkorlikka da’vat etgandek tuyuladi. O‘tgan yili yoz faslida chop etilgan "Istirohatsiz istirohat bog‘i" tanqidiy maqolasida Kattaqo‘rg‘on istirohat bog‘i faoliyati yoritilgan edi. Garchi viloyat mutasaddi tashkilotlari bundan to‘g‘ri xulosa chiqarishga, ahvolni yaxshilashga harakat qilmagan bo‘lsa-da, viloyat hokimligi masalaga e’tibor qaratdi. Natijada bog‘ning qiyofasi tamoman o‘zgardi.
Boshqacha aytganda, "Zarafshon"dagi materiallarda dolzarblik, o‘tkir va qaltis vaziyatlarda nozik did, zamonga hamnafaslik va an’anaviy ruh sezilib turadi. Bu balki jamoaning kuchi yoki yillar davomida yaratilgan ijodiy muhitning natijasidir. Har bir material so‘ngida ko‘tarilgan muammo yechimi bo‘yicha taklif, mushohada ham taqdim etiladi. Respublikaning ba’zi bir nashrlaridagidek, ayrim salbiy holatlarni xaspo‘shlash, muammolarni ko‘tarishda chaynalishlar ko‘rinmaydi. O‘qib, bu tanqidni maqola "qahramon"i qanday hazm qilarkan, deb o‘ylab qolaman.
Jurnalistning tahliliy chiqishlari bo‘lsa, takliflari inobatga olinishi, tanqidiy bo‘lsa, kamchiliklar muhokama qilinishi va tuzatilishi shart. Chunki jurnalist davlat va jamiyat o‘rtasida "haqiqat" nomli ko‘prik vazifasini bajarmog‘i kerak.