Haqorat qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik bor

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” telegram kanalida ma’lum qilinishicha, haqorat qilganlik – shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitganlik yoki beodoblik bilan qasddan tahqirlaganlik uchun qonunchilikda ma’muriy va jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda haqorat qilgan shaxsga nisbatan 4 460 000 so‘mdan 8 920 000 so‘mgacha miqdorda jarima solinishi belgilangan.

Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takroran sodir etilsa, huquqbuzarga nisbatan jinoiy javobgarlik belgilanadi.

✅ Jinoyat kodeksiga asosan haqorat qilgan shaxsga:

👉 44 million 600 ming so‘mgacha miqdorda jarima;

👉 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

👉 1 yilgacha axloq tuzatish ishlari jazosi berilishi mumkin.

✅ Haqorat qilish nashr qilish, boshqacha usulda ko‘paytirilgan matnda yoki OAV orqali amalga oshirilsa, ushbu harakat to‘g‘ridan-to‘g‘ri jinoyat hisoblanadi va aybdor:

👉 44 million 600 ming so‘mdan 89 million 200 ming so‘mgacha jarima;

👉 240 soatdan 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari;

👉 1 yildan 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi mumkin.

Agarda haqorat qilish:

  • jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda;
  • xavfli retsidivist tomonidan;
  • tuhmat qilganligi uchun ilgari sudlangan shaxs tomonidan qilingan bo‘lsa:

👉 89 million 200 ming so‘mdan 133 million 800 ming so‘mgacha miqdorda jarima;

👉 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;

👉 1 yilgacha ozodlikni cheklash;

👉 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.