Har bir farzand uchun otalar qahramondir

Bugun G‘azira qishlog‘ida umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi G‘ani bobo Tojiboyev xonadonida bo‘ldim.

Yuz yosh ostonasidagi otaxon.

Bir asr badaliga yirik qirg‘inbarot urush va yana qancha qiyinchiliklarning guvohi bo‘lgan tirik tarix.

Tiyrak ko‘zlarida donishmandlik, shukrona, quvonch va... o‘kinchu armonlar aks etib turgan nuroniy.

U kishining yuziga boqib, shu o‘ylar xayolimdan o‘tdi. Negadir... otamning siymosi ko‘z oldimda gavdalandi.

Oilada 11 farzand edik. Otam mehnatkash, to‘g‘riso‘z, og‘ir-bosiq ammo nohaqlik bilan murosa qilolmaydigan kishi edi. Urush faxriysi bo‘lganlari uchunmi yoki mehnatkashliklari sababmi, qishloqdoshlar juda hurmat qilishardi.

Odatda, har qanday bola avvalo, o‘z otasini asl qahramon hisoblaydi. Biz uchun ham aynan shunday bo‘lgan. Otamdan urush xotiralarini so‘rab, qo‘ymasdik. Darslik kitoblarimizda urush 1945 yilda yakunlangani aytiladi. Otam esa elliginchi yillargacha xizmat qilgan. Ayniqsa, shu tafsilot biz uchun qiziq edi. Ammo u kishi qora kunlarni eslashni xushlamas, ko‘nglimiz uchun bir-ikki voqeani aytish bilan cheklanardi.

Keyin ulg‘aydik.

Bolaligimizni eslasam, ko‘zlarida samimiyat va o‘ziga ishonch yashiringan otam xotiramda gavdalanadi.

Otam 1924 yilda tug‘ilgan. 1943 yil urushga otlangan. Ikkinchi jahon urushi tarixida marshal Jukov alohida o‘rin tutishi sir emas. Xususan, u rahbarlik qilgan qo‘shin 1943-1944 yillarda Belorussiyani ozod etgan. Ana shu janglarda 19 yoshli otam ham qatnashgan ekan.

Dastlab, motoo‘qchi sifatida xizmat boshlab, Berlingacha yetib boradi. Ko‘rsatgan jasoratlari uchun bir necha bor orden va medallar bilan taqdirlanadi. Nihoyat, butun dunyo uchun 1945 yilda urush yakunlanadi. Ammo hali u qoldirgan vayronalar, to‘xtab qolgan sanoat, izdan chiqqan qishloq xo‘jaligini tiklash zarur edi. 1946 yilda qishloqqa qaytgan otam shu sabablarga ko‘ra, ikki oydan so‘ng yana harbiy xizmatga qaytib ketadi.

Besh yil...

Tiklanish davrining dastlabki besh yili otam uchun Vatandan, yaqinlaridan olisda o‘tdi. U kishi 1950 yilgacha “jang qildi”.

Shaxsiy hujjatlarimizda otamni xo‘jalik ishchisi bo‘lib ishlagani qayd etilgan. Aslida ziyoli, ilmni hurmat qilgan inson edi. Biz, farzandlarning har birimizga alohida vaqt ajratar, o‘qishimiz bilan jiddiy qiziqardi.

Avval maktabda jismoniy tarbiya, harbiy tayyorgarlik fanlaridan yoshlarga saboq bergan. Keyinchalik, jamoa xo‘jaligida brigada boshlig‘i bo‘lib xizmat qilgan.

O‘n olti yillik faoliyatidan so‘ng nafaqaga chiqdi. Ammo umrining oxirigacha jamoat ishlarida ko‘ngilli sifatida qatnashdi.

Shu havodan nafas olib, shu tuproqqa oyoq bosyapsanmi, bas, uning haqini halol mehnat bilan to‘lash kerak. U kishining hayot falsafasi shunday edi.

Butun umr otamga o‘xshashga intildim. Kimdir “Otangga tortibsan”, desa hozir ham quvonaman. Tiyrak yuz, donishmand qiyofa, sabr va shukur bilan umr kechirgan mehnatkash inson siymosi ko‘z oldimda gadalanadi.

O‘n bir farzandni tarbiyalab, ulg‘aytirgan, yaxshi odam bo‘lishimiz uchun mehridaryo onajonim bilan birga o‘z umrini fidoyilarcha xarj etgan otam – Hamroqul Sobirov bugun hayot bo‘lganlarida 96 yoshni qarshi olardi.

Alloh bizdan o‘tganlarni rahmatiga olsin!

Qayum SOBIROV,

Jomboy tumani hokimi.