Har bir taklif aholi manfaatiga qaratilgan
1. Okrug hududidagi 17 mahallada 56 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Ularning deyarli barchasi o‘z tomorqasiga ega va shu kichik yer maydonlaridan tadbirkorlik bilan foydalanib, oilasi daromadini oshirayotganlar ko‘p. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalarida mehnat qilayotgan kishilar ham ko‘pchilikni tashkil etadi.
Davlatimiz tomonidan tadbirkorlik uchun keng imkoniyatlar yaratilishi natijasida joriy yilning yanvar oyida hududdan 27 tadbirkorlik sub’yekti ro‘yxatga olindi. Ularning 11 tasi qurilish materiallari, 7 tasi mebel ishlab chiqarmoqchi, 3 tasi transport xizmati, 6 tasi maishiy xizmat ko‘rsatish va savdo faoliyati bilan shug‘ullanadi.
Hududning geografik joylashuvi hisobga olingan holda tadbirkorlar uchun logistika markazi tashkil etish harakatidamiz.
2. O‘tgan yil davomida saylovchilardan tushgan murojaatlar va joylardagi uchrashuvlarda bildirilgan takliflar asosida tumanni 2018 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hududiy dasturiga o‘ndan ortiq taklif kiritdim.
Jumladan, Ravonak, Chumchuqli, Badal, Pulimug‘ob mahallalarida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun 7,6 kilometrlik havo tarmog‘i rekonstruksiya qilinadi.
31-son maktabgacha ta’lim muassasasi uchun 100 o‘ringa mo‘ljallangan qo‘shimcha bino quriladi.
Ikkita mahalla aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida artezian quduqlari kovlanadi.
3. Harakatlar strategiyasini joriy yilda amalga oshirishga oid Davlat dasturi loyihasi yuzasidan saylovchilar bilan uchrashib, ularning takliflarini eshitdim. Ushbu muhokamalar jarayonida bildirilgan fikrlar asosida takliflarni tayyorlab, hokimlik va viloyat Kengashiga taqdim etdim.
Aholi bilan uchrashuvlardagi murojaatlardan kelib chiqib, yanvar oyida tegishli tashkilotlarga 3 ta deputatlik so‘rovi yubordim va ularning ikkitasiga ijobiy javob oldim.
Viloyat Kengashidagi Xalq demokratik partiyasi deputatlik guruhi a’zosi sifatida navbatdagi sessiyaga tayyorlanayotgan masalalar yuzasidan ikkita doimiy komissiyaga o‘z takliflarimni berdim.
O‘ktam SAIDMURODOV,
47-Ravonak saylov okrugidan xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.