Har bir tuman va shaharda matematika fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan maktablar tashkil etiladi
Ixtisoslashtirilgan maktablar direktorlari tegishli tuman (shahar) hokimining iqtisodiy va boshqaruv jarayonlariga matematik usullar va modellarni joriy qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi hisoblanadi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablar rahbar kadrlari va matematika fani o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida har oylik ustama haq to‘lanishi ko‘zda tutilmoqda.
2021 yil 1 yanvarga qadar matematika fanini bilish darajasini baholash bo‘yicha milliy sertifikatlash tizimi joriy qilinadi.
Imtiyoz beriladigan darajadagi milliy sertifikatga ega abituriyent davlat oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kirishda matematika fanidan test sinovi topshirishdan ozod etiladi va unga matematika fani uchun belgilangan maksimal ball beriladi.
2021 yil 1 sentyabrdan boshlab ixtisoslashtirilgan maktablarning matematika fani bo‘yicha o‘qituvchilari tegishli darajadagi milliy sertifikatga ega bo‘lishlari majburiy hisoblanadi.
Milliy sertifikatning tegishli darajasiga ega matematika fani o‘qituvchilariga bazaviy tarif stavkasiga nisbatan 25 foizdan 50 foizgacha har oylik ustama haq to‘lanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi xalqaro mukofoti ta’sis etiladi va u ikki yilda bir marta uchta yo‘nalish bo‘yicha beriladi.
Har bir yo‘nalish bo‘yicha mukofot sovrindorlariga davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan 50 ming AQSh dollari ekvivalentidagi pul mukofoti beriladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida O‘zbekiston Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti hududiy bo‘linmalari tashkil etiladi.
G‘ayrat BOBOXOLOV,
Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi viloyat hududiy bo‘limi boshlig‘i.