Har qanday biznes ta’limdan boshlanadi
Puldan ko‘ra muhimroq nima bor biznes yuritishda? Biznesning ilk poydevori nima? Tadbirkorlik eng chekka hududlarga yetib borishi uchun nima qilish kerak?
"Tadbirkor ayol" xalqaro ishbilarmonlar assotsiatsiyasi hamda Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Jamg‘arma kassalari fondi (German Sparkassenstiftung for International Cooperation) bilan hamkorlikda Samarqand shahrida o‘tgan seminarda shu masalalar muhokama etildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda mamlakatimizning barcha viloyatlaridan assotsiatsiyaning hududiy rahbarlari, trenerlar ishtirok etdi.
- “Mas’uliyatli moliya va qishloqning barqaror rivojlanishi” ta’lim loyihasi Germaniyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha Jamg‘arma kassalari fondi (German Sparkassenstiftung for International Cooperation) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda, - deydi "Tadbirkor ayol" xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi rahbari Gulnora Mahmudova. - Hamkorlik doirasida o‘tgan yili Toshkent, Samarqand viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida 400 ga yaqin xotin-qizlar o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etdi, xorijiy ekspertlar yordamida 10 nafardan ortiq malakali murabbiylar tayyorlandi.
2023 yilda hamkorlik rishtalari yanada mustahkamlandi. Germaniyalik hamkorlarimiz tomonidan “Iqtisodiy, moliyaviy va biznes savodxonlikni oshirish uchun ta’lim fondi” tashkil qilindi. Yangi jamg‘arma ko‘magida "Mas’uliyatli moliya va qishloqlarni barqaror rivojlanishi" qo‘shma loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va mamlakatimizning 12 viloyatida amalga oshiriladi. Loyihada qishloq xo‘jaligida yangi ish boshlayotgan va o‘z ishini yanada rivojlantirish istagidagi xotin-qizlar ishtirok etadi.
Reja bo‘yicha mamlakatimizning eng chekka hududlarida 70 dan ortiq treninglar o‘tkaziladi. Natijada qishloqning 1400 dan ziyod ayollari ishbilarmonlik ko‘nikmalariga o‘rgatiladi.
- To‘g‘ri, biznesda pul, sarmoya muhim ahamiyatga ega, ammo ta’lim, biznes yuritishning yangi qirralarini o‘rganib borish puldan ham muhimroq, - deydi German Sparkassenstiftung for International Cooperationning uzoq muddatli eksperti va hududiy vakili Matias Vangler. - Biz O‘zbekistonda mazkur loyihani amalga oshirish jarayonida eng chekka qishloqlarga yetib borishini maqsad qilganmiz. Markazlarda biznes rivojlangan, ammo qishloq hududlarida ham o‘sha joyning o‘ziga xos bo‘lgan tadbirkorlikni rivojlantirish lozim. O‘zim bir nechta olis hududlarda bo‘lib, ayollarning biznes loyihalarni amalga oshirishiga kuchli qiziqish bildirayotganiga guvoh bo‘ldim. Alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, har qanday biznes ta’limdan va pul jamg‘arishdan boshlanadi.
Anjumanda "Tadbirkor ayol" xalqaro ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasining viloyat bo‘limi rahbari Feruza Xonkeldiyeva ham o‘tgan vaqt mobaynida Samarqandda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berdi.
Gulruh Mo‘minova,
Husan Eltoyev (foto).