Har qanday yomon hodisaning yaxshi xulosasi bo‘ladi...
Karantin bahona ko‘p qatori uyda qoldik. O‘ylab ko‘rsam, doimo shoshib, yugurib-yelib umr o‘tganini ham sezmay qolibmiz. Fursat topilganida atrofga ochiq nigohlar bilan boqib, xayolan juda ko‘p narsalar haqida mulohaza yuritish mumkin ekan. Soat, kun, oy va turgan gapki, yillarning sarhisobini qilganda bir narsani anglar ekansan – sen o‘zingga berilgan yashash imkoniyatidan samarali foydalana olmading! Va, yana juda ko‘p kuchingni o‘tkinchi narsalarga sarf etibsan!
Bugun nafaqat men, balki deyarli hamma bir haqiqatni chuqur his etmoqda – inson va u tug‘ilib o‘sgan yurt bir butun olam ekan. Xuddi ona va farzand kabi.
Ha, aziz zamondoshim, biz yoshimiz nechada bo‘lishidan qat’iy nazar ona yurt uchun farzandmiz va shunday bo‘lib qolamiz.
Biz (buni tan olish fursati yetdi nazarimda) afsuski, anchagina erkatoy farzandga aylanib bo‘lgan ekanmiz. Istiqlol sharofati bilan dunyo eshiklari keng ochilganda xuddi qorong‘i xonadan chiqib, birdaniga charaqlab turgan quyosh nuriga duch kelgandek shoshib qoldik. Erkinlik kimlarnidir olislarga chorladi. Ilm-ma’rifat istaganlar ilmi, kasbi, mahorati o‘sha yurtlarga foyda keltiradigan va O‘zbekiston sharafiga sharaf qo‘shishdek ezgu-maqsad yo‘lida xorijga yo‘l olganlarni Vatan bu yerdan turib onadek duo qilib turgani, ularning har bir yutug‘idan quvongani rost.
Ammo o‘zga ellarga yo‘l olganlar orasida dunyoni anglashni to‘kis yashash, to‘kislikni esa boy-badavlat bo‘lish, deb tushunganlar ham oz emas edi. Ularning juda oz qismi ONA bilan hisoblashgan holda yo‘lga chiqdi. Boshqalar esa “o‘z huquq va erkinliklaridan foydalangan holda” ixtiyoriy ravishda yurtni tark etishdi. O‘zi tug‘ilib o‘sgan yurtda tomorqada, dalada ishlab “kosasi oqarmasligi”ni pesh qilib, o‘zga yurtlarda kimlarningdir xizmatkoriga aylanishdi. Ularning yot ellarda qay holda, qanday mehnat evaziga pul topgani bizga qorong‘i. Lekin kuzatuvlarim natijasida bir xulosaga keldim: odam bu yerda qanday bo‘lsa, xorijda ham shundayligicha qolar ekan.
To‘g‘ri, kimdir omadi kelib, yaxshigina pul topgandir, dunyo ko‘rib dunyoqarashi boyigandir. Lekin bularning barchasi ota-onasi, oilasi, farzandu yaqinlaridan olisda, musofirchilikda kechishining o‘zi og‘ir. Oramizda bir necha yillab farzandlarini ota-onasi yoki yaqinlariga topshirib, olislarga ketganlar oz emas. Bizning bu gaplarimizni tinglaganda yuzu ko‘zlarida istehzo balqiydiganlar ko‘p. Lekin MEHRga tashnalik farzandining taqdiriga nimalarni olib kelishini anglaganlarida balki kech bo‘lar?
- Hozirgilar muhtojlik nima ekanini bilmaydi, - degan edi yuz yoshli bir onaxon. - Odamlar non yo‘qligidan kunjara, supurgining donini yeganda ham hech kim chetga ketmagan. Bularning hammasi borlikdan, bolam. Odamzod bo‘lgani sayin bo‘lsam deydi. Tuprog‘iga cho‘p suqsang, ko‘m-ko‘k daraxt bo‘lib ko‘karadigan bunday yurt qayerda bor? Faqat mehnat qilish, sabr bilan mehnatning mevasini kutish kerak.
Darhaqiqat, yigirma besh-o‘ttiz yil tarix silsilasida juda qisqa muddat. Ammo mana shu qisqa muddatda shu qadar katta o‘zgarishlar qilindiki, hatto biz – oltmishinchi yillarning farzandlari uchun ham yaqin o‘tmishimiz ertakdek tuyulishi haqiqat. Butun boshli qishloqda bironta odamda shaxsiy avtomobili bo‘lmagan yurtning har bir xonadonida ikki-uchtalab so‘nggi modeldagi mashinalar, bozori to‘la mahsulot, kiyim-kechak, oziq-ovqat. Bizning tengdoshlarimiz o‘n kilometrlab piyoda yursa-da, toliqmas edi. Hozir maktab o‘quvchisi bir kilometrlik masofaga “taksi”da qatnaydi. Bir paytlar oddiy aloqa telefoni bor xonadonga (chunki faqat rahbar xodimlarning uylariga telefon o‘rnatilgan edi) ko‘pchilik havas qilardi. Bugun hatto, tilanchining (ming bor uzr) ham qo‘lida so‘nggi rusumdagi telefonni ko‘rish ajablanarli hol emas.
Dorilamon kunlarga, tinchlikka ko‘z tegmasin, deya keksalarning qo‘li duoda edi. Ammo odamzod ko‘pincha shukr qilishga kech qolar ekan, chamamda. Bugungi sinovlar bizga ana shu haqiqatni anglatmoqda. Bu sinovlar butun dunyoni tahlikaga solib qo‘ydi. Mana shunday bir paytda Ona VATAN farzandlarini dunyoning to‘rt burchidan o‘z bag‘riga olmoqqa shoshildi.
- Biz uchun har bitta inson qadrli, bironta odamga talafot yetmasdan bu sinovlardan o‘tishimiz kerak, - dedi Prezidentimiz.
Farzandlar ham shoshilgancha yurtga oshiqdilar. Olislarning daromadi-yu malohati unutildi. Hatto, "bizni olib keting", degan iddaolar ham (afsuski) bo‘ldi. Ona – ONA ekan-da, barini unutib, ming bir tashvishlardan ortib boshimizni silamoqda, holimizni so‘rayotir. Oilalar atrofida parvona bo‘lib, kam-ko‘stini butlashga bel bog‘ladi. Bemorlarni davolash bilangina cheklanmasdan, ularning quvvatga enishi, irodasini mustahkamlash borasida ham g‘amxo‘rlik qilmoqda.
Qiyin damlarda ortga boqib, o‘z amallarini sarhisob qilish insonga xos. Axir, hayot maktabdir deb bejizga aytishmagan. Demak, har qanday yomon hodisaning yaxshi xulosasi ham bo‘ladi. Eng qiyin damlarda yagona maqsad yo‘lida birlashish, ishonch va umid, jasorat bilan olg‘a intilish qonimizda bor. BIZ ShUNDAY MILLATMIZ!
Muqaddam HAYITOVA,
jurnalist.