Harakatlar strategiyasi va uni yangi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatida namoyon bo‘lishini hayotning o‘zi tasdiqladi

TOShKENT, 29 iyul. /“Dunyo” AA/.

“O‘zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 mart kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti a’zoligiga qabul qilinishi davlatimizni xalqaro huquqning teng huquqli sub’yekti sifatida maqomini belgiladi. Bu xalqaro maqom mamlakat Konstitutsiyasida belgilangan respublika tashqi siyosatining fundamental prinsiplarini mustaqil amalga oshirishga mustahkam asos yaratdi”, deb ta’kidladi O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi boshlig‘i, professor Komil Rashidov “Dunyo” AAga taqdim etgan sharhida.

- Xususan, O‘zbekiston xalqaro maydonda ko‘plab suveren davlatlarning mustaqilligini tan oldi, - deb davom etdi ekspert. - Mazkur jarayon avval Oliy Majlis qarorlari asosida amalga oshirildi. Respublika BMT a’zoligiga qabul qilingach va 1992 yil 8 dekabr kuni Konstitutsiya qabul qilinganidan so‘ng esa xorijiy mamlakatlar bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatish masalasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari asosida tasdiqlanmoqda. Shu paytga qadar O‘zbekiston 137 ta davlat bilan diplomatik aloqalar o‘rnatdi.

Mustaqillik yillarida mamlakatimiz tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy munosabatlarning to‘la huquqli a’zosi sifatida xorijiy sheriklar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikning shartnomaviy–huquqiy bazasini shakllantirdi va uni o‘zaro manfaatli sohalarda rivojlantirmoqda. Binobarin, xalqaro shartnomalar xalqaro huquqning asosiy manbalari bo‘lib, davlatlararo munosabatlarning huquqiy asoslarini shakllantiradi hamda tomonlar majburiyatlarining barqarorligi uchun kafolat hisoblanadi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida O‘zbekistonning qo‘plab davlatlar bilan ikki tomonlama xalqaro shartnomalari, shuningdek, BMT va boshqa xalqaro tashkilotlarning universal konvensiyalari ratifikatsiyalari Oliy Majlis va Prezident qarorlari asosida amalga oshirildi. Buning negizida xalqaro huquqning va mustaqil davlatning umum e’tirof etilgan qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, xususan, uning tashqi siyosat bobida, Oliy Majlis va Prezidentning tashqi siyosiy faoliyat sohasidagi konstitutsiyaviy vakolatlarida mustahkamlandi.

O‘zbekistonda xalqaro shartnomalar sohasini tartibga soluvchi ilk normativ-huquqiy hujjat 1993 yil 7 may kuni qabul qilingan qonun bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasi bilan xalqaro moliya institutlari o‘rtasidagi xalqaro zayom va kafolatli shartnomalar hamda bitimlar tuzish va denonsatsiya qilishni tartibini belgiladi.

Keyinchalik 1995 yil 22 dekabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi.

Mazkur qonunning ijrosini ta’minlash doirasida Vazirlar Mahkamasining bir necha qarorlari qabul qilindi.

Biroq O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risidagi avvalgi qonunchilik hujjatlarida xalqaro shartnomalarni huquqiy va boshqa ekspertizadan o‘tkazishning predmeti belgilanmagan, xalqaro shartnomalarni bajarilishini ta’minlash va bu jarayon ustidan kuzatuv olib borish mexanizmi yetarli shakllantirilmagan hamda xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini inventarizatsiya qilish kabi masalalarga e’tibor qaratilmagan edi.

Ushbu masalalarni huquqiy jihatdan tartibga solish hamda mustaqil O‘zbekistonning shartnomaviy-huquqiy amaliyotida to‘plangan tajribani inobatga olib, 2019 yil 6 fevral kuni “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi yangi qonun qabul qilindi.

Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan mamlakatni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida ishlab chiqilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi respublikada amalga oshirilayotgan keng qamrovli ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarga mos tashqi siyosatning shartnomaviy-huquqiy asoslarini shakllantirishdan iborat edi.

Qonunning «to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi»ni ta’minlash maqsadida avval amalda bo‘lgan 5 ta normativ-huquqiy hujjat – 2 ta qonun va 3 ta qonunchilik hujjati unga birlashtirildi.

Qabul qilingan yangi qonun o‘z xususiyatiga ko‘ra dunyoning 116 davlati ishtirokchi hisoblangan 1969 yildagi Xalqaro shartnomalar huquqi to‘g‘risidagi Vena konvensiyasining implementatsiya qilingan akti sifatida namoyon bo‘ladi.

2012 yil 10 sentyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qonun mamlakat tashqi siyosatining asosiy fundamental prinsiplarini, chet davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikning strategik ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.

O‘zbekistonning tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasida xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kuchaytirish va takomillashtirish, ikki va ko‘p tomonlama istiqbolli bitimlar tuzish yagona davlat siyosati yuritishning siyosiy-diplomatik vositalaridan biri sifatida belgilangan.

2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi asosida davlatimiz tomonidan yaqin va uzoq xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni yanada mustahkamalash va kengaytirishga qaratilgan tashqi siyosiy faoliyat dunyo hamjamiyati tomonidan alohida e’tirof etilib, xalqaro maydonda O‘zbekiston tomonidan bildirilgan tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan mintaqaviy va global muammolar yechimi bo‘yicha xalqaro tashabbuslar asosida BMT Bosh Assambleyasining 4 ta maxsus rezolyusiyasi qabul qilindi.

Bugungi kunda mamlakatning xalqaro-huquqiy hujjatlari doirasi sezilarli darajada kengayib, yildan-yilga salmog‘i ham tobora ortib bormoqda.

O‘zbekiston Respublikasining shartnomaviy-huquqiy bazasini

4 ming 200 dan ortiq hujjat tashkil qilib, ulardan 500 ga yaqini universal va mintaqaviy xarakterga ega ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalardir. 3 ming 700 dan ortig‘i esa ikki tomonlama xalqaro hujjatlar hisoblanadi.

Xususan, oxirgi besh yil davomida xorijiy hamkorlar bilan 781 ta xalqaro hujjatlar imzolandi, shuningdek, O‘zbekiston 26 ta universal xalqaro shartnomalarning a’zosiga aylandi.

Ushbu xalqaro shartnomalar asosan investitsiyalarni rag‘batlantirish va o‘zaro himoya qilish, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy, moliyaviy, madaniy-gumanitar, ilmiy-texnikaviy hamkorlik, soliq, mehnat, transport, energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish, huquqiy yordam ko‘rsatish, jinoyatchilikka qarshi kurashish kabi sohalarga oid.

Shu o‘rinda mamlakatimizning yaqin qo‘shni va boshqa hamkor davlatlar bilan strategik sheriklik munosabatlari aynan ikki tomonlama hujjatlar bilan tartibga solinishini alohida ta’kidlash joiz.

Xususan, so‘nggi yillarda Turkmaniston (2017), Qirg‘iziston (2017), Turkiya (2017), Tojikiston (2018), Vengriya (2021), Pokiston (2021) bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi va avval strategik sheriklik munosabatlari o‘rnatilgan AQSh, Yaponiya, Ozarbayjon, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Xitoy, Qozog‘iston davlatlari bilan bunday munosabatlarning yanada mustahkamlanishida xalqaro hujjatlar huquqiy tayanch vazifasini bajarib kelmoqda.

Mustaqillikning ilk yillarida mazkur sohadagi asosiy e’tibor xorijiy davlatlar bilan hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini shakllantirishga qaratilgan bo‘lsa, bugungi kundagi dolzarb vazifa “Harakatlar strategiyasi” va “Yil dasturlari”da belgilangan vazifalar yechimiga qaratilgan xalqaro hamkorlikni yanada huquqiy jihatdan takomillashtirish va xalqaro norma ijodkorligida faol ishtirok etish hisoblanadi.

O‘tgan davr mobaynida “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq xalqaro shartnomalarni Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishishning ikki bosqichli tizimi joriy etilishi ancha dolzarb va muhim amaliyotni hayotga tadbiq etdi.

Jumladan, qonunda birinchi marta xalqaro shartnomalarning amaliy ahamiyatini o‘rganish, ular matnlarini huquqiy, iqtisodiy, tilshunoslik nuqtai nazaridan va boshqa turdagi ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha qoidalar belgilangani ularning sifatiga bo‘lgan talabning kuchaytirilishiga xizmat qilmoqda.

Yana bir yangilik, qonunda xalqaro aktlarning (deklaratsiya, qo‘shma bayonot, anglashuv memorandumi va boshqalar) huquqiy holatiga ham aniqlik kiritildi, ularni qabul qilish tartibi soddalashtirildi.

Bu turdagi hujjatlar hozirgi davrda mamlakatning xalqaro aloqalari faollashuvi sharoitida tezkorlik va moslashuvchanlikni ta’minlashga, davlatlar bilan dastlabki kelishuvlarga kechiktirmasdan erishishga imkon bermoqda.

Mamlakatimizning yangi tashqi siyosiy faoliyati sharoitida xalqaro shartnomalarni tuzish va imzolashni rejalashtirish bo‘yicha hamda kuchga kirgan xalqaro shartnomalarni bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va hukumati tomonidan tasdiqlangan “Yo‘l xaritalari”ni qabul qilish amaliyoti keng tadbiq etildi. Bu esa, o‘z navbatida, hujjatlar loyihalarini hamda xalqaro shartnomaga qo‘shilish masalasini ekspertlar darajasida puxta o‘rganishga, xalqaro shartnomalar normalarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishi va bajarilishini ta’minlashga, ushbu masalalarda vakolatli davlat organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.

Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, ularni samarali qo‘llay olish bugungi kunda, ayniqsa pandemiya sharoitida davr talabiga aylandi. Jumladan, hozirda videokonferensaloqa rejimida xorjiy hamkorlar bilan xalqaro shartnoma va hujjatlar loyihalari bo‘yicha muzokaralarni onlayn o‘tkazish va hujjatlarni diplomatik kanallar orqali imzolash amaliyoti keng tus oldi. Qolaversa, imzolangan, kuchga kirgan xalqaro shartnomalar to‘g‘risida aholi xabardorligini oshirish maqsadida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda doimiy ravishda axborot berib borilmoqda.

Tashqi ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan hamkorlikda respublika xalqaro shartnomalarini hisobga olish, inventarizatsiya qilish hamda ularning ijrosini monitoring qilish bo‘yicha ishlarni takomillashtirish uchun zamonaviy informatsion texnologiyalari joriy etilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini yagona tarzda hisobga olishning, inventarizatsiya qilishning va ularning amalga oshirilishi yuzasidan monitoring qilishning elektron ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Mazkur elektron ma’lumotlar bazasining ishga tushirilishi nafaqat xalqaro shartnomalarni ijro etilishi bo‘yicha vazirlik va idoralar o‘rtasida o‘zaro faoliyatni muvofiqlashtirish va yaxshilashga, balki samarali, qulay va fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimini yaratishga, shuningdek, jamoatchilikka O‘zbekiston Respublikasining ikki va ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalari haqida to‘liq axborot berishga xizmat qiladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda xalqaro institutsional hamkorlikka, xususan, BMT va uning ixtisoslashgan tashkilotlari, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida ko‘p tomonlama aloqalarni mustahkamlashga ham ustuvor ahamiyat berilmoqda.

O‘zbekiston mazkur xalqaro institutlar doirasida qabul qilingan transport va logistika, intellektual mulk huquqi, mehnat huquqi, atrof-muhitni muhofaza qilish, huquqiy yordam ko‘rsatish, madaniyat sohalarida universal va mintaqaviy ahamiyatdagi ko‘p tomonlama xalqaro shartnomalarning ishtirokchisiga aylandi. Xususan, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Parij bitimi, Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Mualliflik huquqi bo‘yicha konvensiyasi, Xalqaro mehnat tashkilotining Xalqaro mehnat normalari qo‘llanilishiga ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-sonli konvensiyasi, Turg‘un organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasi, O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya, YuNESKOning Madaniy ifodalarining turli xil shakllarini muhofaza qilish va qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi konvensiyasi, Vaqtincha olib kirish to‘g‘risidagi Istanbul konvensiyasi, Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya kabi muhim shartnomalar shular jumlasidan.

2019 yilda O‘zbekiston turkiy tilli davlatlar bilan munosabatlarini yanada kengaytirish, ular bilan integratsiyalashuvni chuqurlashtirish maqsadida “Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashini tuzish to‘g‘risida”gi Naxichevan bitimiga qo‘shildi va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi a’zosiga aylandi.

O‘zbekiston 2020 yilning 4 martidan boshlab Xalqaro xususiy huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasining teng huquqli a’zosi bo‘ldi.

O‘z tarkibiga 84 ta davlat va Yevropa Ittifoqini birlashtirgan ushbu tashkilot xalqaro xususiy huquqni unifikatsiya qilish masalalari bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonning mazkur tashkilotga a’zo bo‘lishi xalqaro fuqarolik, oilaviy va xususiy huquqning unifikatsiyasi jarayonida mamlakatimizning ishtirokini ta’minlashga xizmat qilib, kelajakda qabul qilinadigan xalqaro hujjatlarda milliy manfaatlarimizni ham aks ettirish imkonini yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasida (2020 yil 29 dekabr) davlatimiz olib borayotgan ochiq, pragmatik va amaliy tashqi siyosatni inobatga olib hamda uzoq muddatli strategik maqsadlarimizdan kelib chiqqan holda, O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyat konsepsiyasi takomillashtirilishi nazarda tutilgan.

O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini takomillashtirish yuzasidan Tashqi ishlar vazirligi tomonidan takliflar ishlab chiqilgan. Hozirda uning tahriri vakolatli davlat organlarining kelishuv jarayonidan o‘tmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Konsepsiya takomillashtirilishi jarayonida mamlakat tashqi siyosatining fundamental va konstitutsiyaviy prinsiplariga, shuningdek, “Harakatlar strategiyasi”, 2018 yil

9 yanvardagi O‘RQ-458-sonli qonun bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasining Mudofaa doktrinasida mustahkamlangan asosiy prinsiplarning o‘zgarmasligiga urg‘u berildi.

Yana bir dolzarb masalalardan bo‘lgan O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga qo‘shilishi hamda Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash bo‘yicha faol muzokaralar olib borilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozimki, Harakatlar strategiyasi va uni yangi O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyatida namoyon bo‘lishini hayotning o‘zi tasdiqladi, xalqimiz tomonidan ma’qullandi va xalqaro hamjamiyat, eng avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan keng e’tirof etilmoqda.