“Harbiy-vatanparvarlik sport lageri”ga kimlar jalb etildi?

25 fevral kuni O‘zbekistondagi eng katta poligon – “Kattaqo‘rg‘on” dala o‘quv maydonida birinchi marotaba “Harbiy-vatanparvarlik sport lageri”ning ilk ishtirokchilari tantanali kutib olindi.
“Yosh harbiy vatanparvarlar” shiori ostida 21-25 yosh atrofidagi 100 nafar fuqarolar 10 kun muddatda jangovar, sport hamda ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik mashg‘ulotlariga jalb qilinadi.
Bu haqda Markaziy harbiy okrug matbuot xizmati ma’lum qildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati bo‘limi hamda mudofaa ishlar boshqarmasi tomonidan viloyatda muqim ish joyiga ega bo‘lmagan qariyb 9 ming nafar yoshlar ro‘yxati shakllantirilib, ulardan yuz nafari “Harbiy-vatanparvarlik lageri”ning ilk ishtirokchilariga aylandi.
Bu yerda yigitlar harbiy fanlardan tashqari, kasbga yo‘naltirish bo‘yicha yetakchi mutaxassislardan saboq oladi.
Harbiy vatanparvarlik sport lagerining ochilish marosimida Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni, Navoiy viloyati hokimi, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari yoshlarni tarbiyalashda yangicha tizim joriy etilganini ta’kidladi.
Ko‘rgazmali chiqishlar hamda jangovar texnikalar parkida tashkil etilgan qurol-aslaha va harbiy texnikalar namoyish etildi.
Yig‘in yakunida jismoniy, axloqiy, ruhiy jihatdan yaxshi va a’lo ko‘rsatkichlar qayd etgan 10 nafar fuqaro Markaziy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni buyrug‘iga ko‘ra, mart-aprel oylarida bir oylik xizmatga, may oyidan esa shartnoma asosidagi harbiy xizmatga qabul qilinadi.