Harbiylar faxriylarni yo‘qladi

Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Samarqand harbiy prokuraturasi xizmatchilari mudofaa tizimida uzoq yillar mehnat qilib, ayni paytda keksalik gashtini surayotgan faxriylar holidan xabar olmoqda.
9 may – Xotira va Qadrlash kuni munosabati bilan tashkil etilgan xayriya aksiyasi doirasida faxriylarga 8 turdagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari hamda tibbiy himoya vositalari berilmoqda. Shuningdek, ularning yashash uylarida harbiylar tomonidan dezinfeksiya ishlari o‘tkazilmoqda.
– Xayr-saxovat xalqimizning azaliy qadriyatini hisoblanadi, – deydi Markaziy okrug tasarrufidagi harbiy qism komandiri o‘rinbosari, podpolkovnik Ulug‘bek Rahimov. – Biz ham ezgu qadriyatlarimizga amal qilgan holda faxriylarimiz holidan xabar olib, ulardan kasbiy ko‘nikma o‘rganyapmiz. Faxriylarning o‘gitlari bugungi kunlarda biz uchun juda qimmatli.
Samarqand shahrining “Hofiz Sheroziy” mahallasida yashovchi faxriy harbiy Ziyodulla Sultonov 1966 yildan 2002 yilgacha shu sohada mehnat qilgan. Mudofaa tizimidagi uzoq yillik mehnatdan keyin bugun besh nafar farzand, 8 nafar nabiraning ardog‘ida keksalik gashtini surmoqda.
– Xalqimizning mehr-e’tibori har doim, har qanday vaziyatda odamni ruhlantiradi, – Ziyodulla Sultonov. – Bugungi kunlarda, ayniqsa, ana shunday mehr-oqibatning qadriga bebaho. Hamkasblarimning yo‘qlab kelishi ko‘nglimni tog‘dek ko‘tardi. Ular bilan bo‘lgan qisqa suhbatdan o‘zgacha kuch oldim. Baribir odam odam bilan tirik. Mudofaa tizimidagi o‘zgarishlarni kuzatib borayapman. Hozirgi harbiylarga havasim keladi. Soha tubdan o‘zgardi. Suhbatimiz davomida tajribamdan kelib chiqib, ularga o‘z tavsiyalarimni berdim.
A.ISROILOV