Haydovchiga intizomiy jazo qo‘llanildi, mehnat shartnomasi bekor qilinishi mumkinligi haqida ogohlantirildi

Shu yil 24 iyul kuni saytimizda "Konduktor elektron hamyonni olib qo‘yishga haqlimi?" sarlavhali tanqidiy maqola berilgan edi.
Ushbu maqola yuzasidan viloyat transport boshqarmasi axborot xizmati javob yo‘lladi.
"Maqolada aytilgan holat boshqarmamiz mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqildi.
Murojaatda ko‘rsatilgan holatga to‘lov amalga oshirilgan bank plastik kartasi raqami orqali aniqlik kiritildi.
Aniqlanishicha, yo‘lovchining e’tiroziga sabab bo‘lgan holat “Samarqand Hamkor trans” MChJga tegishli 99-yo‘nalishda qatnovchi avtobusda kuzatilgan.
Aholiga transport xizmatini ko‘rsatishda belgilangan talablar asosida tashuvlarni tashkil etish, harakat xavfsizligini ta’minlash, yo‘lovchilar bilan samimiy munosabatda bo‘lish yuzasidan “Samarqand Hamkor trans” MChJda haydovchilar o‘rtasida tushuntirish-tashviqot ishlari olib borildi. Unda tashuvlarni tashkil etishda belgilangan talablarga qat’iy amal qilish borasida tashuvchi korxona rahbariyati tegishli ko‘rsatmalar hamda jamoat transporti haydovchiga qo‘yilgan talablar bo‘yicha barcha haydovchilar o‘rtasida navbatdan tashqari yo‘riqnoma o‘tkazish vazifasi yuklatildi. Shuningdek, o‘ziga yuklatilgan vazifani sidqidildan bajarish, aks holda keskin choralar ko‘rilishi bo‘yicha haydovchilar ogohlantirildi.
Yo‘l qo‘ygan kamchiliklari hamda talablarga xilof ravishda konduktor yollaganligi uchun avtobus haydovchisi N.F.ga “Samarqand Hamkor trans” MChJ rahbariyati tomonidan qonunchilikda belgilangan tarzda intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi. Holat qayta takrorlansa, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilinishi haqida ogohlantirildi", deyiladi javob xatida.