Haydovchilarning “kim o‘zar”ga harakatlanishi oqibatida avtobuslar to‘qnashib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida 72 hamda 148-sonli avtobus yo‘nalishi haydovchilarining kim o‘zarga harakatlanishi aks etgan video keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

"Toshshahartransxizmat" AJ mazkur holatni o‘rganib chiqqan holda quyidagilarni ma’lum qildi:

"2020 yilning 4 dekabr kuni soat 07:40 larda "2-avtobus saroyi" MChJ haydovchisi F.Mirsaidov 72-sonli yo‘nalishda “Mersedes-Bens Low Floor” rusumli avtobusni, "5-avtobus saroyi" MChJ haydovchisi D.Do‘smatov 148-yo‘nalishda "Isuzu" rusumli avtobusni Maxtumquli ko‘chasi bo‘ylab boshqarib borayotib, yo‘lovchilar va boshqa harakat ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda kim o‘zarga harakat qilgan va "Ashxobod saylgohi" bekatida to‘qnashuv sodir etgan.

O‘z navbatida, mazkur haydovchilar yo‘lovchilar va boshqa harakat ishtirokchilari hayotini xavf ostiga qo‘ygan holda harakatlanib, qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yishi oqibatida YTH sodir bo‘lganligi uchun ular bilan avtosaroy o‘rtasida tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi", deyiladi xabarda.