Haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlar haqiqatga yaqinmi?
Ijtimoiy tarmoqlarda haydovchilik guvohnomasi olish uchun o‘tkaziladigan imtihonlar haqida tarqalgan turli xil ma’lumotlar yuzasidan YHXBB rasmiy izoh berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 7-dekabrdagi «Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan 2021-yil 1-apreldan boshlab avtomototransport vositalari va shahar elektr transporti vositalari haydovchilarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyati uchun litsenziyaga ega tadbirkorlik sub’yektlariga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berilgan edi.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-maydagi «Avtomototransport vositalarini boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomalarini olish uchun imtihonlarni o‘tkazish sohasiga xususiy sektorni jalb etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi VMQ 272-son qarori tasdiqlandi.
Yuqoridagi qarorlar asosida haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqiga ega bo‘lish uchun tadbirkorlik sub’yektlari zimmasiga ma’lum bir talablar belgilab qo‘yilgan. Bunda eng avvalo, imtihonlar inson omilisiz, to‘liq avtomatlashtirilgan holda amalga oshirilishi, zamonaviy avtodrom mavjudligi, maxsus himoyalangan dasturiy ta’minotlar kompleksiga egaligi hamda imtihonlar jarayonida olingan ma’lumotlarga hamda imtihon natijalariga o‘zgartirish kiritish imkoniyatining cheklanganligi va boshqa shu kabi talablar o‘rnatilgan.
Ushbu talablarga to‘laqonli javob beradigan imtihon tizimi uchun sarmoya kiritgan istalgan tadbirkorlik sub’yekti litsenziya olish uchun ariza topshirishi mumkin. Bunda hech bir tadbirkorlik sub’yektiga cheklov yoki to‘siq yo‘qligini ma’lum qilamiz.