Hayit namozi o‘rnida Zuho namozi o‘qiymiz
Bu yilgi Qurbon hayitining birinchi kuni 31 iyul, juma kuniga to‘g‘ri kelmoqda. Davlatimiz rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasining qarorini inobatga olib, mamlakatimizda 2020 yil 31 iyulni Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bugungi kunda dunyo miqyosida koronavirus pandemiyasi kuzatilayotgani tufayli hayitni karantin talablariga rioya qilgan holda o‘tkazish belgilandi. Ko‘plab musulmon va qo‘shni davlatlar ulamolari tomonidan Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib o‘qishning iloji yo‘qligi haqida fatvolar e’lon qilindi.
Jumladan, yurtimiz Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosida epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holdagi xulosalari ayni Qurbon hayiti namoziga ham tegishlidir.
Ya’ni, 2020 yilgi Qurbon hayiti namozini jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi. Bunday vaziyatda oyat, hadis va shar’iy qoidalarda ko‘rsatilgan tavsiyalarga amal qilinadi. Shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozini ado etish soqit bo‘ladi.
Koronavirus pandemiyasi sabab karantin holatida hayit namozi o‘qilmayotgani uchun qurbonlikni tong otgandan boshlab qilish joiz bo‘ladi. Yurtdoshlarimiz hayit kuni o‘z xonadonlarida bomdod namozini o‘qiganlaridan so‘ng, quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgach, to‘rt rakaat Zuho namozini o‘qib, keyin qurbonlik qilsalar, yanayam savobli bo‘ladi. Qurbonlik hayitning uch kuni davomida amalga oshiriladi.
Qurbonlik go‘shti uchga taqsimlanib, bir qismi – yaqin qarindoshlarga, yana bir qismi – kambag‘al va muhtojlarga tarqatilishi, qolganini oila ahliga olib qolish mustahabdir. Hammasini faqirlarga bersa yoki oilada ko‘pchilik bo‘lsa, uyda qoldirsa ham bo‘ladi.
Bu yilgi Qurbon hayiti karantin sharoitida nishonlanayotgani sababli yurtdoshlarimizdan ko‘pchilik jamlanadigan urf-odatlarni tashkil etmasliklari, uyma-uy yurib, turli xil ma’raka va marosimlar o‘tkazmasliklari, qabristonlar ziyoratidan saqlanishlarini so‘raymiz.
Xonadonda, oila-a’zolari bilan birga Qur’oni karim oyatlaridan tilovat qilib, bu dunyodan o‘tganlar ruhi poklariga baxshida etishni tavsiya etamiz.
Barcha yurtdoshlarimiz, mo‘min-musulmonlarni Qurbon hayiti bayrami bilan tabriklab, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik tilaymiz.
Xayrulloh SATTOROV,
Samarqand viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari.