Hayot hangomalari: G‘ijduvonga sayohat

G‘ijduvon tomonga yo‘lingiz tushsa Abduxoliq G‘ijduvoniy ziyoratiga borib, toat-ibodat qilib, uning xoki-poyiga ta’zim aylang, ham savob, ham tavob deyishadi.

Bu maskanda buyuk insonlar yashab o‘tgan. Tuprog‘i zar, dehqonlari mirishkor, odamlari olijanob, samimiy, mehmondo‘st, dasturxoni ochiq. Mehmon bo‘lib borsangiz uyning to‘ri sizniki. Bozori gavjum. Suti, qatig‘i, balig‘i, shirin-shakar meva, qovun-tarvuzlarining dong‘i olamga ketgan.

Har safar bu yurtga qadam ranjida qilganimda qadrdonlarim - yetuk jurnalist «G‘ijduvon haqiqati» gazetasi muharriri Olim Jo‘rayev u kishining o‘g‘li, kursdoshim Komil Jo‘rayev bilan tezroq diydor ko‘rishgim, Buxoro ijodkorlari Toshpo‘lat Ahmad, Abdurazzoq Qo‘shshayev va gazeta ijodiy xodimlari bilan dildan suhbat qurgim keladi. Bu maskanga Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Halima Xudoyberdiyeva, Tohir Malik, Muhammad Yusuf singari adabiyotimizning ulkan namoyandalari kelib, uning bunyodkor xalqi, go‘zal tabiatidan ilhom olgan, she’ru dostonlar, dilbar qo‘shiqlar bitgan. Ayniqsa, bozorining ta’rif-tavsifi yo‘q.

Buxorolik hassos shoir, O‘zbekiston xalq shoiri Jamol Kamol bilan bir suhbatimizda uning faxr bilan «Ey, samarqandlik uka, G‘ijduvon bozorini ko‘rmabsiz, bu dunyoni bilmabsiz», degan gapi esimga tushib qoldi. G‘ijduvon – «Xo‘jai jahon» bozoriga qadam ranjida qildim. Bozorni aylanib meva va urug‘chilik rastasiga kelib qolibman. Qanaqa urug‘ desangiz bor. Tomorqamda ekilgan sabzavotu ko‘katlarni xayolan fikrdan o‘tkazib, qizil lavlagi ekilmagani yodimga keldi. Bu lavlagini yaxshi ko‘raman.

- 300 gramm lavlagi urug‘idan bering, - dedim sotuvchiga.

- Xo‘p bo‘ladi, aka, mana! – sotuvchi shirinsuxanlik va chaqqonlik bilan urug‘ni o‘lchab berdi.

Safardan katta taassurotlar bilan qaytdim. Yaxshi niyat bilan urug‘ni tomorqaga ekdim. Tez kunda unib chiqdi. Mehr bilan parvarishlashga kirishdim. Qirq kun deganda ildizmevasi ko‘zga tashlandi. Bu qizil emas-ku deb hayron bo‘laman. Bittasini sug‘urib olib qarasam qand lavlagi. Obbo, sotuvchisi tushmagur, rosa laqillatibdi-ku, dedim ichimda. Kursdoshim Kamoljonga telefon qilib, voqeani aytdim.

- Aka, tadbirkor dehqonlarimiz G‘ijduvonda shakarga ehtiyoj oshib ketganini ko‘rib, qizil lavlagini ham qandlavlagiga aylantirib yuborishgan, - deb kuldi. – Sotuvchilarimiz tilingiz shirin bo‘lsin, deb ataylab qand lavlagi urug‘ini sotishgan-da.

G‘ijduvon bozorining serobligi, odamlarining mehmondo‘stligi va shirinsuxanligining siri bu yoqda ekan-da! Mabodo G‘ijduvon tomonga yo‘lingiz tushsa, bozoriga tushib qand lavlagi urug‘idan xarid qilib tomorqangizga keltirib ekishni unutmang. Tilingiz, albatta, shirin bo‘lishiga, mana, biz kafil.

Jumaqul KARIM.