Hech kim mehr va e’tibordan chetda emas

1992 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasida 3 dekabr – Xalqaro nogironlar kuni sifatida e’lon qilindi.

Bu kunni nishonlash to‘g‘risida 1983-1992 yillarni qamrab olgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti nogironlar o‘n yilligining oxirida qaror qabul qilindi.

Bugun dunyoda taxminan 800 million nafar nogiron istiqomat qiladi va ularning barchasi jamiyat hayotidagi keng ko‘lamli, samarali va teng huquqli ishtirokini cheklaydigan, jismoniy, ijtimoiy-iqtisodiy va axloqiy to‘siqlarga duch keladi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, ular dunyodagi eng kambag‘al aholining haddan ortiq ko‘p ulushini tashkil qilib, ta’lim, mehnat, sog‘liqni saqlash hamda ijtimoiy va huquqiy ko‘mak kabi asosiy manbalardan teng ravishda foydalana olmaydi.

Shu sababdan 3 dekabr kuni Xalqaro nogironlar kunining o‘tkazilishi nogironlarning muammolariga, xususan, ularning siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy hayotdagi ishtirokidan yuzaga keladigan afzallikka jamoatchilik e’tiborini jalb qilish, nogironlar qadri, huquqlari va farovonligini himoya qilishga qaratilgan.

Aytish joizki, 1982 yilda Bosh Assambleya tomonidan qabul qilingan nogironlarga nisbatan Butunjahon chora-tadbirlar dasturida inson huquqiga to‘liq va teng rioya qilish va nogironlarning jamiyat hayotidagi ishtiroki kabi maqsadlar ilgari surilgan. Har yili mazkur sana doirasidagi tadbirlar ma’lum shior ostida o‘tkaziladi.

Shu munosabat bilan bugun Samarqand agroinnovatsiya va tadqiqotlar institutida “Hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasin” shiori bilan bir qancha tadbir va loyihalar tashkil etildi. Tadbirda institutda tahsil olayotgan nogironligi bor talabalarni moddiy rag‘batlantirish to‘g‘risidagi institut rektorining buyrug‘i bilan tanishtirildi. Ularning hech biri jamiyatdan chetda qolmasligi, har birining o‘z o‘rni bor ekanligi ta’kidlandi.   Imkoniyati cheklangan talabalarga namunali xulqi va a’lo baholarga o‘qiyotganligi uchun tashakkurnoma va esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

Shuningdek, Milliy qomusimizning 31 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan “Konstitutsiya haftaligi”doirasida institutda imkoniyati cheklangan talabalar bilan “Konstitutsiya darsi” tashkil qilindi. Dars mobaynida talabalarga yangi Konstitutsiyamiz, undagi o‘zgarishlar haqida hamda ushbu qomusimizning to‘liq inson manfaatlari uchun xizmat qilishi to‘g‘risida tushunchalar berildi.

Shuningdek, institutda shaxmat-shashka musobaqasi tashkil etilib, unda imkoniyati cheklangan talabalar o‘zaro va ustozlari bilan kuch sinashdi. Musobaqalarda talabalar katta qiziqish bilan ishtirok etdi. 

O‘z navbatida talabalar uchun dasturxon tuzaldi. Bir piyola choy ustida talabalar bilan dildan suhbatlashildi. Tadbirga bayramona tus berish uchun ular o‘rtasida badiiy chiqishlar, viktorinalar tashkillashtirildi.

Rahimjon Norjigitov,

Samarqand agroinnovatsiyalar va tadqiqotlar instituti yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i.