Hindistondan 24–36 soat ichida hujum kutilmoqda. Xitoy AQSh tovarlari uchun bojlarni yashirincha bekor qilmoqda. Anqara Bokuga tashrif buyuradigan Netanyaxu uchun havo yo‘lagini ochdi

🔹 Hindiston kelasi 24–36 soat ichida Pokiston hududiga zarba berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 22 aprel kuni Pahalgam shahrida sodir bo‘lgan terrorchilik harakati ortidan (25 nafar hind fuqarosi va 1 nafar nepallik halok bo‘lgan) ikki davlat o‘rtasida keskinlashuv kuchaygani munosabati bilan Pokiston axborot vaziri ma’lum qildi. Pokiston qat’iy javob berishga tayyor, dedi u. Hindiston bosh vaziri Narendra Modi Pokiston bilan mojaro avj olgani sababli 9 may kuni Moskvaga tashrifini bekor qilgan.
🔹 Xitoy 125 foizlik tariflardan ozod qilinadigan AQShda ishlab chiqarilgan tovarlar ro‘yxatini tayyorladi va bu haqda kompaniyalarni “jimgina” xabardor qilmoqda. AQShda Xitoydan keladigan import uchun 145 foizgacha boj joriy qilgan Donald Tramp ham savdo kelishuvi haqida qayta gapira boshlagan. Bu AQShda inflyasiya va tovar tanqisligi xavfi ortib borayotgani bilan bog‘liq. Hozir AQShning Xitoydan keladigan tovarlarga umumiy bojlari 145 foizni, Xitoyning javob tariflari hajmi 125 foizni tashkil etadi
🔹 Eron va Amerika tomonlari o‘rtasidagi navbatdagi bilvosita muzokaralar Italiyaning Rim shahrida bo‘lib o‘tadi. Eron va AQSh aprelda muzokaralarning uch bosqichini o‘tkazgan. Oman muzokaralarda vositachilik qilgan.
🔹 Turkiya Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu 7 may kuni Ozarbayjonga tashrif buyuradigan samolyotga o‘z havo hududidan uchib o‘tish uchun ruxsat berdi. Isroil hukumati rahbarining samolyoti shu kunning o‘zida kechqurun Bokuga yetib kelishi kutilmoqda.
🔹 Eron Majlisi Milliy xavfsizlik qo‘mitasi Shahid-Raja’iy portidagi portlash chet el aralashuvi yoki sabotaj natijasi degan taxminlarni rad etdi. 26 apreldagi portlash va yong‘in oqibatida kamida 70 kishi halok bo‘lgan, 1200 dan ortiq kishi jarohatlangan.
🔹 Istanbul shahar hokimi Ekrem Imamog‘lu atrofidagi korrupsiya ishi bo‘yicha olib borilayotgan tergov yangidan-yangi hibslarga olib kelmoqda. Imamog‘lu 23 mart kuni hibsga olingan edi. Istanbul shahar hokimining hibsga olinishi butun mamlakat bo‘ylab ommaviy norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi.
🔹 Joriy yilning yanvar oyida Donald Tramp prezidentlik lavozimini egallaganidan beri AQShda federal hukumat tizimida kamida 121 ming kishi ishdan bo‘shatilgan.
🔹 Bugun Janubiy Koreya prokuraturasi mamlakatning sobiq prezidenti Yun Suk Yolning rezidensiyasida tintuv o‘tkazgan. Bu harakat uning oila a’zolari shubhali ruhoniy Chon Son-be, keng jamoatchilikka Geon Chjin nomi bilan tanish bo‘lgan shaxs bilan ehtimoliy aloqalariga oid tergov doirasida amalga oshirilgan. Eslatib o‘tamiz, Yun atrofidagi siyosiy inqiroz 2024 yil dekabrida u kutilmaganda harbiy holat e’lon qilib, muxolifatdagi «Toburo» demokratik partiyasini KXDR bilan hamkorlikda ayblaganidan so‘ng boshlangan. Ayni paytda prezident vazifasini Bosh vazir Xan Dok Su bajarmoqda, navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari 2025 yil 3 iyunga belgilangan.
🔹 AQSh endi Yevropada xavfsizlikni moliyalashtira olmaydi. Bu haqda AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Mayk Uolts ma’lum qildi. 2025 yil mart holatiga ko‘ra, AQShning davlat qarzi 36 trillion dollardan oshgan.
G.Xoldorova tayyorladi.