“Katta terror”: Jadidchilar nega otuvga hukm qilingan?

Samarqandda ko‘plab jadidlar vatan ozodligi, mustaqilligi yo‘lida qahramonona kurash jabhalarida qurbon bo‘lgan.
1937-1938 yillardagi “katta terror” siyosatida qatag‘on qilingan samarqandliklarni esga olib o‘tishni lozim ko‘rdik.
Anqaboy Xudoybaxtov – 1905 yil Samarqand oblasti Jizzax uyezdi O‘smat qishlog‘ida tug‘ilgan. Otasi bilan onasi 1916 yili vafot etgach, 11 yoshidan kichik yoshdagi ukalari tirikchiligi tashvishida bo‘lgan, noilojlikdan ukalarini odamlarga tarqatgan, o‘zi Jomboy tumaniga kelib, 1918 yilgacha har xil shaxslar xo‘jaligida batraklik qilgan, 1918-1920 yillarda Jomboydagi och qolgan bolalar yetimxonasida hayot kechirgan.
1920 yildan 1922 yilgacha Samarqand maorif institutida, so‘ngra Toshkentdagi Lenin nomidagi kommunistik universitetda o‘qigan, 1924-1925 yillarda “Zarafshon” gazetasi mas’ul muharrir o‘rinbosari, ayni vaqtda komsomol gazetasiga muharrirlik qilgan, 1925 yili partiyaga kirgan. 1925-1928 yillarda Moskvada jurnalistika davlat institutida o‘qigan, Moskvada ta’lim olayotgan, xizmat safarida taniqli jadidlar bilan yaqindan aloqada bo‘lgan, jadidchilik g‘oyalarini qabul etgan. Moskvadan qaytib kelgach, “Zarafshon” gazetasi mas’ul muharriri bo‘lgan, 1929-1930 yillarda Respublika kasaba soyuzi organi “Ishchi” gazetasi muharriri, 1933-1930 yillarda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti partiya nashriyoti bosh muharriri, 1929 yildan Matbaachilar uyushmasi raisi, 1936 yildan Respublika radio komiteti raisi bo‘lib ishlagan.
SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938 yil 5 oktyabrdagi yig‘ilishida Anqaboy Xudaybaxtov otuvga hukm qilingan, hukm o‘sha kuni ijro etilgan.
Zaki Sattorov 1904 yili 15 martda Tataristonning Abdri qishlog‘ida tug‘ilgan. 1930 yili Zarafshon partiya tashkilotida partiyaga qabul qilingan. Samarqanddagi internatda 4-sinfni bitirgan, 1922 yil 25 martidan 1923 yil yanvarigacha Sarabosh qishlog‘idagi Bobomurod xalfada batrak, Samarqand oblasti Dovul volostidagi Imomnazar Bobonazar boyda xizmatkor, 1923 yil 1 noyabrdan 1925 yil 10 oktyabrgacha Iskandar qishlog‘idagi “Iskandar” nomli urug‘chilik xo‘jaligida, 1925-1926 yillari Bokuda temir-yo‘l qurilishida, 1926-1927 yillari Kattaqo‘rg‘on uyezdi Chamboy volosti ijroiyat komitetida mas’ul kotib, 1932 yilgacha Mirbozorda Narpay rayon kolxozlar soyuzi raisi, 1932 yildan 1933 yil oktyabrgacha “Kolxoz yo‘li” gazetasi tahririyatining Andijon va Asaka shaharlaridagi mahsus muxbiri, so‘ngra Marhamat rayonidagi “Stalinchilar ovozi” gazetasi muharriri, MTS siyosiy bo‘lim boshlig‘i, rayijroko‘m raisi, 1931 yil 1 oktyabridan 1937 yil 28 martgacha “Lenin yo‘li” gazetasi mas’ul muharriri bo‘lib xizmat qilgan. Shaxsiy varaqasidan turk, rus, qozoq, o‘zbek, tatar tillarini bilishi qayd etilgan.
1937 yil 27 mayda partiyaviy hushyorlikni susaytirgani, muharrirligida gazeta sahifalarida jadidchilik haqida maqola va xabarlar berganlikdagi aybi bilan unga qat’iy hayfsan e’lon qilingan.
SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasining 1938 yil 13 oktyabrdagi yig‘ilishi Zaki Qiyomovich Sattarovni otuvga hukm qilgan, hukm o‘sha kuni ijro etilgan.
Hikmatulla Xismatov 1898 yili Samarqandda tug‘ilgan, Toshkent shahar Abdulla To‘qayev ko‘chasi 9-uyda yashagan, “O‘zbekbirlashuv” raisi bo‘lgan. Qo‘limizda 1937 yil 2 oktyabrda Toshkentda mahbus Hikmatulla Xismatovning O‘zSSR Ichki ishlar xalq komissarligi 3-bo‘lim boshlig‘i Lisitsinga yozgan arizasi. Unda shunday yozilgan: “1919 yildan 1921 yilgacha, keyin 1931-1937 yillarda “Ittihod va taraqqiy” va “Ittihod islom” aksilinqilobiy partiya safida bo‘lganman.
Partiya va hukumat oldida o‘zimning og‘ir jinoyatga yo‘l qo‘yganligim bois haqqoniy ko‘rsatma berish va uzil-kesil o‘z qurolimni topshirishga tayyor ekanligimni izhor etaman.
Fayzulla Xo‘jayev rahbarligidagi millatchi tashkilotda 1931 yildan boshlab mening ishtirokimni va shaxsan u tomonidan yollanganimni tan olaman.
Yuqorida qayd etilgan o‘zimning aksilinqilobiy millatchi tashkilotdagi faoliyatim to‘g‘risida keng va haqqoniy ko‘rsatma beraman. Toshkent 2/X-1937 yil”.
Oradan 6 kun o‘tib 8 oktyabrda tergov berayotgan H.Xismatov O‘zbekiston SSR Ichki ishlar xalq komissarlariga ariza bilan murojaat qilgan. Mahbusning har ikki murojaati ham e’tiborga olinmagan.
Usmon Abdurashidov 1886 yili Kuznetsk rayoni Aleyeva qishlog‘ida tug‘ilgan, millati tatar, xizmatchi, 1918 yildan VKP(b) a’zosi, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on shahri, Lenin ko‘chasi 15-uyda istiqomat qilgan.
Ayblov tergov materiallarida Abdurashidov aksilinqilobiy tashkilot rahbari, Kattaqo‘rg‘on rayon partiya komitetining sekretari Muhammadqulov tomonidan 1936 yil yanvar oyida aksilinqilobiy tashkilotga tortilgani, uning topshirig‘iga ko‘ra O‘zbekistonda sovet hokimiyatini ag‘darishga qaratilgan, qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan burjua millatchi davlat tashkil etishga harakat qilganlikda, amalda aksilinqilobiy faoliyat olib borib, bu tashkilotga sobiq quloqlar va sovetlarga qarshi unsurlardan 10 kishini yollaganligi, aksilinqilobiy yig‘inlarda ko‘plab qatnashgani, Stalin konstitutsiyasini soxtalashtirish uchun kurash olib borgani aks etgan.
SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining 1938 yil 15 oktyabrdagi sayyor yig‘ilishida O‘zSSR Jinoyat Kodeksining 58, 64, 67-moddalari bilan ayblanib oliy jazoga hukm etilgan, hukm o‘sha kuniyoq ijro etilgan.
Usmon Akromiy 1903 yili Namanganda tug‘ilgan, partiyasiz, Samarqand shahrida “Qizil O‘zbekiston” gazetasi adabiy xodimi bo‘lib ishlagan. 1929 yil 11 dekabrda OGPU xodimlari tomonidan qamoqqa olingan. “Milliy istiqlol”ning Namangan filiali kotibi bo‘lganlikda, yangi a’zorlarni tashkilotga jalb qilganlikda ayblangan. OGPUning 1931 yil 25 apreldagi qarori bilan RSFSR Jinoyat kodeksining 58-moddasi, 4 va 10-bandlari bilan ayblanib, 10 yil konslagerga hukm qilingan, 1989 yil 29 martda reabilitatsiya qilingan.
Hoji Muin Shukrullo o‘g‘li – 1883 yili Samarqandda tavallud topgan, ma’rifatparvar, jurnalist, shoir va dramaturg, Samarqandda 1903 yili dastlabki jadid maktabini ochgan, “Rahnamoi savod” alifbosi darsligini yozgan, “Samarqand” gazetasi va “Oyna” jurnalida ishlagan, Samarqandda “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Zarafshon” gazetalari, “Mashrab”, “Mushfiqiy” jurnallari va boshqa matbuot nashrlarida ishlagan, 1929-1932 yillari Sibirda surgunda bo‘lgan, surgundan qaytgach nashriyot va gazetada muharrirlik qilgan. 1938 yil 24 yanvarda Samarqandda hibsga olingan, 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan, hukmni o‘tash chog‘ida Perm viloyati Solikamsk shahrida 59 yoshida 1942 yil 27 iyunda halok bo‘lgan.
Murodxo‘ja Allaxo‘jayev 1890 yili Samarqand shahrida tug‘ilgan, partiya a’zosi, Samarqand shahrida o‘qituvchi, oilasi haqida ma’lumot yo‘q. 1930 yil 29 avgustda qamoqqa olingan. “Milliy istiqlol”ga a’zo bo‘lganlikda, Samarqandda tashkiliy va safarbar qiluvchi ishlar olib borganlikda, “Milliy istiqlol” mafkurasini targ‘ibot qilganlikda ayblanib, RSFSR Jinoyat Kodeksining 58-moddasi 4-bandi va 10-moddasi 2-bandi bilan ayblangan. OGPU Kollegiyasi 1931 yil 25 aprelda 5 yil muddat bilan konslager qamoqxonasiga hukm etgan. 1989 yil 30 martda reablitatsiya qilingan.
Rustambek Shamsutdinov,
tarix fanlari doktori, professor, Markaziy Osiyo fan, madaniyat va san’at akademiyasi akademigi.