Sun’iy intellektdan foydalanish tartibga solinadi (mi?)

Ommatan bu texnologiya qiziq emasdek, u bizning hayotimizga kirib kelmagan-u, hali bu haqda bosh qotirish noo‘rindek tuyuladi. Butun dunyoda u kirib bormayotgan soha qolmayapti, aniqrog‘i, qariyb barcha tarmoq va tizimda u ishonchli yordamchiga aylanmoqda.
Ammo do‘ppini boshdan olib o‘ylab ko‘rilsa, sun’iy intellekt bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solish zarurati ham yuzaga kelmoqda. Negaki, allaqachon hamyurtlarimiz undan jabr ko‘rmoqda, unga asoslangan firibgarliklar qurboni bo‘lmoqda. Sun’iy idrok yordamida milliarder Alisher Usmonov pul tarqatayotgani haqidagi videoxabar hali ko‘pchilikning yodidan chiqmagan bo‘lsa kerak. Yoki respublikamizning boshqa taniqli shaxslarining originaldan farq qilmaydigan “chiqishlari” interda tarqagani-chi?!
Shu sabab Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Quyi palata matbuot xizmatida qayd qilinishicha, qonun loyihasi bilan sun’iy intellekt orqali yaratilgan axborotni markirovkalash, shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov berganlarni 37,5 million so‘mgacha jarimaga tortish taklif etilmoqda.
Deputatlar bugungi kunda sun’iy intellektdan foydalanish va ularni moliyalashtirish hajmi oshib borayotganini qayd etgan. Misol uchun, 2023 yilda butun dunyoda sun’iy intellekt sohasiga 154 milliard dollar investitsiya jalb qilingan, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich ikki barobar oshgan. 2030 yilga kelib investitsiyalar hajmi 10 barobar oshishi prognoz qilinmoqda.
Butun dunyo, shu jumladan, O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga, inson huquqlari va shaxsiy ma’lumotlar daxlsizligiga tahdidlarni yuzaga keltira boshlagani alohida e’tibor qaratadigan jihat sifatida qayd qilinmoqda. Xususan, 2024 yilda dunyoda sun’iy intellektdan foydalanib, taniqli shaxslarning foto, video va audio yozuvlarini soxtalashtirish 50 barobar oshgan. O‘zbekistonda internet orqali 2023 yilda 1129 ta, 2024 yilda esa 3553 sun’iy intellekt yordamida ishlov berilgan noqonuniy materiallar tarqatilgan. Aholi ishonchiga kirish uchun o‘zga shaxslarning qiyofasi va ovozidan foydalanilgan.
Shu bois, qonun loyihasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanishda fuqarolar huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan normalarni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Aniqrog‘i, “Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonun hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, unda “sun’iy intellekt” tushunchasiga ta’rif berilib, sohada davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va maxsus vakolatli organ vazifalari belgilanmoqda. Shuningdek, qonun loyihasiga axborot resurslarini yaratish hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari kiritilgan.
Loyihada sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda yaratilgan axborot resurslariga markirovka qo‘yish talabi belgilanyapti. Shu bilan birga, sun’iy intellekt orqali qonunga xilof ravishda shaxsga doir ma’lumotlarga ishlov berish va ularni OAV, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishga yo‘l qo‘ymaslik majburiyati kiritilmoqda. Bu talab bajarilmasa, ma’muriy javobgarlik belgilash taklif qilinmoqda.
Aniqlik kiritilishicha, ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 46-moddasiga 2-qo‘shimcha kiritilmoqda.
Masalan, bu sun’iy intellektdan foydalanib, shaxsga doir ma’lumotlarga noqonuniy ishlov bergan va tarqatgan shaxslarning ish qurollari musodara qilinishini, 15 sutkagacha ma’muriy qamoqqa olish yoki bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari (18,75 million so‘m) dan 100 baravari (37,5 million so‘m) gacha miqdorda jarima solishni nazarda tutadi.
Ta’kidlanishicha, qonun loyihasi taqiqlash, nazorat qilish yoki cheklashga emas, balki huquqiy maydonga sun’iy intellekt tushunchasini kiritib, o‘yinning asosiy qoidalari va asosiy sub’yektlarini aniqlashga qaratilgan.
Qayd qilinishicha, loyihani ishlab chiqishda AQSh, Kanada, Yevropa, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va MDH davlatlari tajribasi o‘rganilgan. Unda sun’iy intellekt orqali yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellekt texnologiyalari asosida ishlaydigan axborot tizimlari inson, uning hayoti, sog‘lig‘i, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa huquqlarini buzmasligiga oid talab kiritiladi. Insonning huquq va erkinligiga aloqador qarorlarni qabul qilishda faqat sun’iy intellekt orqali yaratilgan axborot resurslari va sun’iy intellektda ishlovchi tizimlar xulosasiga tayanilmasligi belgilanmoqda.
Majlisda deputatlar qonun loyihasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtalib, uni takomillashtirish, puxta holatga keltirish bo‘yicha o‘z fikr-mulohalari hamda takliflarini bildirgan.
Yodingizda bo‘lsa, 7 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida nutq so‘zlagan davlatimiz rahbari ittifoq doirasida sun’iy intellektdan foydalanish etikasini ishlab chiqishni taklif qilgandi.
Xulosa shuki, qonun ijodkorlarimiz davrdan ortda qolayotgani yo‘q, balki ijrosi sustroqdir. Yana kim bilsin?
Yo.Marqayev tayyorladi.